16:25 / 13.07.2020
6916
KXShT bosh kotibi Armaniston-Ozarboyjon mojarosi sababli muntazam kengashning shoshilinch yig‘ilishini chaqirtirdi

Armaniston tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan KXShT bosh kotibi bilan telefon orqali muloqotida Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi vaziyat to‘g‘risida batafsil ma'lumot bergan.

Foto: RIA Novosti

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) bosh kotibi Stanislav Zas Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi vaziyat keskinlashgani sababli KXShT muntazam kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirtirdi. Bu haqda tashkilot matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov ma'lum qildi.

"Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi vaziyat keskinlashganligi munosabati bilan KXShT bosh kotibi Stanislav Zas 13 iyul kuni KXShT muntazam kengashining shoshilinchi yig‘ilishini chaqirtirdi", - deb xabar qildi Zaynetdinov.

Qayd etilishicha, Armaniston tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan dushanba kuni KXShT bosh kotibi bilan telefon orqali muloqotida Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi vaziyat to‘g‘risida batafsil ma'lumot bergan.

Yakshanba kuni Boku va Yerevan bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish va artilleriyadan foydalanishda ayblagandi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligining ta'kidlashicha, Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Tovuz tumanida Ozarboyjon pozitsiyalarini artilleriya qurilmalaridan o‘qqa tutgan.

O‘z navbatida Armaniston tomoni Ozarboyjonni chegarani buzishga urinishda aybladi.

“Ozarboyjon qurolli kuchlari xizmatchilari bizga tushunarsiz sabablarga ko‘ra UAZ avtomobilida Tovuz yo‘nalishida davlat chegarasini buzishga urinish amalga oshirdi. Armaniston tomonining ogohlantirishidan keyin raqib harbiylari avtomobilni tashlab, o‘z pozitsiyalariga qaytgan”, deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi xabarida.

Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi kelishmovchilik 1988 yil fevralda Tog‘li Qorabog‘ muxtor oblasti Ozarboyjon SSR tarkibidan chiqishini e'lon qilganidan so‘ng vujudga kelgan. 1992-1994 yillardagi qurolli nizo davomida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash beshta rayon ustidan nazoratni yo‘qotgan.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top