12 iyul kuni arman va ozar harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuv Ozarboyjon va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi chegarasida emas, balki undan shimolroqda, arman-ozar chegarasida sodir bo‘ldi.
“12 iyul tush vaqtidan boshlab Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari artilleriya qurilmalaridan pozitsiyalarimizni o‘qqa tutdi. Ikkala tomondan ham yo‘qotishlar bor”, deb ma'lum qildi Ozarboyjon mudofaa vazirligi.
Vazirlikning ma'lumot berishicha, Boku tomonidan 2 harbiy halok bo‘lgan, 5 harbiy yaralangan.
“Hozirda ushbu yo‘nalishda janglar davom etmoqda. Bo‘linmalarimiz operativ holatni nazorat qilmoqda. Munosib choralar natijasida raqib yo‘qotishga uchradi va chekindi”, deb qo‘shib qo‘ydi Ozarboyjon mudofaa vazirligi vakili.
O‘z navbatida Armaniston tomoni Ozarboyjonni chegarani buzishga urinishda aybladi.
“Ozarboyjon qurolli kuchlari xizmatchilari bizga tushunarsiz sabablarga ko‘ra UAZ avtomobilida Tovuz yo‘nalishida davlat chegarasini buzishga urinish amalga oshirdi. Armaniston tomonining ogohlantirishidan keyin raqib harbiylari avtomobilni tashlab, o‘z pozitsiyalariga qaytgan”, deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi xabarida.
Biroq Yerevanning ta'kidlashicha, shundan keyin Ozarboyjon harbiylari artilleriya qurolidan o‘t ochib, Armanistondagi tayanch punktni egallab olishga harakat qilgan.
“Ozarboyjon tomoni chekinish chog‘ida yo‘qotishlarga uchradi, Armaniston qurolli kuchlarida yo‘qotishlar yo‘q”, deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi tomonidan.
Shu tarzda eski mojaro – Armaniston-Ozarboyjon mojarosi yana bir bor bo‘y ko‘rsatdi. 1992-1994 yillarda Tog‘li Qorabog‘ bois nizo keng miqyosdagi urush tusini olgandi. 1994 yil mayida Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ respublikasi bir tomondan va Ozarboyjon bir tomondan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Keyingi o‘n yilliklar davomida davriy hodisalarga qaramasdan, vaziyat barqarorligicha qolayotgandi.
Eng yirik mahalliy to‘qnashuv esa 2012 yil iyunda Tovuz oblastidagi Berdavan va Chinari qishloqlarida yuz bergandi. O‘shanda uch nafar arman va bir nafar Tog‘li Qorabog‘ harbiysi, Ozarboyjondan esa besh nafar askar halok bo‘lgandi.
Nizo 2016 yil aprelda yana kuchayish xavfi ostida qoldi. “To‘rt kunlik urush” nomini olgan to‘qnashuvlardan so‘ng Armaniston va Ozarboyjon sulh kelishuvini imzoladi – kelishuvga Moskvadagi muzokaralarda erishildi. Keyinchalik tomonlar bir necha bor bir-birini o‘t ochish rejimini buzishda aybladi.









