19:39 / 14.07.2020
2126
Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yillik konsepsiyasi tasdiqlandi

Prezident farmoni bilan, Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiyaga asosan, Suv xo‘jaligi vazirligiga 2030 yilgacha quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;
  • suv ta'minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;
  • sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste'molini 25 foizga kamaytirish;
  • barcha irrigatsiya tizimi obektlariga «Smart Water» («Aqlli suv») suv o‘lchash va nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;
  • 100ta yirik suv xo‘jaligi obektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish;
  • suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish.

Bu vazifalar ijrosi uchun Suv xo‘jaligi vazirligida 4ta shtat birligidan iborat alohida boshqarma tuziladi, xorijiy ekspertlar jalb etiladi.

Farmon bilan, qishloq xo‘jaligi ekin yerlarini o‘z balansiga olgan klasterlarga ushbu yerlarda joylashgan suv xo‘jaligi obektlarini boshqarish yo‘nalishidagi Suv xo‘jaligi vazirligining funksiyalarini qishloq xo‘jaligi yer egalariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘tkazish to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali amalga oshirilishiga ruxsat berildi.

Suv xo‘jaligi vazirligi, DXShni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda, 3 oy muddatda vazirlik balansida bo‘lgan suv xo‘jaligi obektlarini DXSh asosida xususiy sektorga berish bo‘yicha obektlar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Konsepsiyada belgilangan vazifalarni 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»si tasdiqlandi.

Unga asosan, 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Qo‘shimcha qilish joiz, suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi obektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta'minlash Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Top