19:30 / 12.12.2023
6105

Qozog‘iston 20 ta yangi suv ombori qurishni rejalashtirmoqda 

Bu sug‘oriladigan yerlar maydonini ko‘paytirib, qo‘shni davlatlar suviga qaramlikni kamaytirishi ta’kidlanmoqda. 

Foto: inbusiness.kz

Qozog‘iston hukumati 2024-2026 yillarda hajmi 2,4 kub kilometr bo‘lgan 20 ta suv ombori qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda. Yangi obektlar respublikaning to‘qqizta viloyatida joylashtiriladi. Bu haqda bosh vazir Alixon Smailov raisligida bo‘lib o‘tgan suv xo‘jaligi kengashi yig‘ilishida so‘z bordi. 

Mutaxassislarning fikricha, yangi suv omborlari qurilishi sug‘oriladigan yerlar maydonini 250 ming gektarga ko‘paytirish va 70 ta aholi punktini suv bosish xavfini kamaytirish imkonini beradi. Asosiysi, qurilgan suv omborlarining ishga tushirilishi Qozog‘istonning qo‘shni davlatlar suviga qaramligini 25 foizga kamaytirishi kutilmoqda. Hozir respublikaga suvning 46 foizi qo‘shni davlatlardan keladi. 

Umuman olganda, Qozog‘istonda suv xavfsizligini ta’minlash uchun hokimiyat 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini rivojlantirish kompleks rejasi loyihasini ishlab chiqqan. 

Hujjatga ko‘ra, yuqoridagi obektlarni qurish bilan parallel ravishda 15 ta mavjud suv ombori, shuningdek, sug‘orish tizimlarini keng ko‘lamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, mamlakatda sug‘orish kanallarini raqamlashtirishni yakunlash va strategik ahamiyatga ega Satpayev kanalini modernizatsiya qilish mo‘ljallanmoqda. 

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanish rag‘batlantirilmoqda, shu munosabat bilan davlat tomonidan maxsus sug‘orish uskunalarini sotib olish loyihalariga subsidiyalar miqdori 50 foizdan 80 foizgacha oshiriladi. Buning natijasida sug‘oriladigan yerlar maydoni sezilarli darajada oshadi va kelgusi bir necha yil ichida 1,5 kub kilometrgacha suv tejaladi. 

Qozog‘iston hukumati rahbari Alixan Smailov mahalliy kompaniyalar va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari bu jarayonda faol ishtirok etishi, suv sarfini aniqlash uchun kosmik monitoring tizimini ham ishlab chiqish kerakligini ta’kidladi. 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 102,3 kub kilometr suv bor – uning 54 foizi respublika hududida hosil bo‘ladi. Iqtisodiyot tarmoqlarining yillik iste’moli taxminan 25 kub kilometrni tashkil etadi: 65% qishloq xo‘jaligiga, 25% sanoat ehtiyojlariga ketadi. 

Respublikada 17736 ta daryo va vaqtinchalik suv havzalari, 4024 ta ko‘l, 4540 ta yer osti suvi koni, 13175 ta suv xo‘jaligi inshooti mavjud.

Mavzuga oid
Top