12:01 / 16.07.2020
35475
DXX korrupsiya bilan bog‘liq bir nechta holatlarga chek qo‘ydi

Bugun mamlakatimizda jamiyatni korrupsiya illatidan tozalash borasida avvalgi yillarga nisbatan ko‘proq e'tibor qaratilyapti. Biroq shuncha sa'y-harakatlarga qaramasdan korrupsiyaga aralashib qolayotganlar yo‘q emas.

Foto: TUT.BY

Xususan, Toshkent shahar Bektemir tumani hokimligining mas'ul xodimi mahalliy tadbirkorga Yashnobod tumani Ohangaron shohko‘chasi bo‘ylab o‘tgan yer usti metrosi tagidagi bo‘sh yerlardan tijorat maqsadida foydalanishi uchun rasmiylashtirib berishni va'da qilib, evaziga 4 ming AQSh dollari so‘raydi.

DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlarining shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxs talab qilingan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti o‘zining vositachisi bo‘lgan jinoiy sherigi bilan birgalikda mahalliy fuqaroni ushbu oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 10 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlandi.

Ta'kidlash lozimki, mazkur shaxs ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan qo‘pol kamchiliklari tufayli institut rahbariyati tomonidan 2018 yilda ishdan bo‘shatilgan. Lekin u nohaq bo‘shatilganligini ro‘kach qilib, sud idoralariga murojaat qilishi natijasida joriy yilning 2 iyul kuni qaytadan ishga qabul qilingan. Oradan bir necha kun o‘tib esa, nopok ishga qo‘l urgan.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati Urgut tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida ishlovchi shifokor Samarqand davlat tibbiyot institutidagi yuqori lavozimli tanishlari orqali uch nafar fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 18 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning hamtavog‘i bo‘lgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali shifokori ham qo‘lga olindi.

Bu kabi holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham kuzatildi.

Jumladan, Nukus davlat pedagogika institutining fakultetlaridan birida dekan o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxs Kegeyli tumanida yashovchi fuqaroga ushbu oliy ta'lim muassasasiga kirish imtihonlarida yordam berishni va'da qilib, undan 3000 AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Mazkur institutning yana bir xodimi Beruniy tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning o‘qishga kirishlarida yordam berish evaziga ularning har biridan 2 ming AQSh dollaridan, jami 8 ming AQSh dollari talab qilib, so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holat Buxoro viloyatida qayd etildi. Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi Jondor tumanida yashovchi fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, evaziga undan 4000 AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Top