22:08 / 17.07.2020
2575
Elektr energiyasi ta'minoti: ishni pastdagi muammolarni o‘rganib, yechim topishdan boshlashimiz kerak

Aniq esimda yo‘q, 2004-yillar bo‘lsa kerak, Vazirlar Mahkamasining 511-, 512-qarorlari chiqqandi. Qarorda o‘sha paytdagi ishlab turgan elektr hisoblagichlarni aniqlik sinfi (klass tochnosti) 1,0 dan past zamonaviy hisoblagichlarga almashtirish belgilangandi.

Shunga asosan O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi tashkil etilib, ommaviy ravishda almashtirish boshlangandi. Xonadonlarga o‘rnatish uchun chiqarilgan DDS-28 rusumidagi dastlabki hisoblagichlar ASKUE tizimiga ulanishga moslashtirilgandi, 8 yilgacha sinovdan o‘tkazish shart emasligi ko‘rsatilgandi.

Ko‘p yuridik iste'molchilar o‘sha ASKUEga ulangan, hozir ham ishlab turibdi.

Keyingi yillarda boshqa viloyatlarni bilmadim-u, bizning Qashqadaryo viloyatida turli bahonalar bilan aholining o‘z hisobidan, har xil rusumdagi hisoblagichlarga almashtirildi va o‘rnatildi. O‘rnatguncha davlat standartidan o‘tkazish talab qilindi.

Odamlar sarson bo‘lib Qarshi shahriga olis qishloqlardan elektr hisoblagich ko‘tarib kelib, kun bo‘yi navbatga turib standartdan o‘tkazib ketishga majbur bo‘ldi. Qolaversa, almashtir-almashtirga davlatning va aholining qanchadan-qancha mablag‘i sarf bo‘ldi.

Hozir ham bozorlarimiz har turdagi elektr hisoblagichga to‘la. Shuning uchun savol tug‘ildi: hozirgi «aqlli» elektr hisoblagichlar hisoblagichlar aholining o‘zi qurgan yangi uylarga kimning hisobidan o‘rnatiladi?

Faqat «aqlli» hisoblagich o‘rnatish bilan elektrga noqonuniy ulanishning oldi olinadimi?

Hisoblagichdan aylanib ulash («mimo schyotchik», energetiklar tilida), simyog‘ochdan hisoblagichgacha bo‘lgan yo‘qotish («poterya») hisobga olinganmi?  

Elektrga to‘lov to‘lanishi bilan bazaga tushadimi?

Hozirda o‘rnatilgan «aqlsiz», «plastikli» hisoblagichlar ham mablag‘ kam qolsa tovush chiqarib, ogohlantiradi. Odamlar elektr o‘chib qolmasligi uchun oldindan ko‘proq pul to‘lash harakatiga tushishadi.

Hozir qaysi elektr tarmoq idorasiga borsangiz navbatga turgan odamlarni ko‘rasiz, ularga 4–5 ta kompyuterda shuncha xodim xizmat qiladi,lekin har kuni shu holat: odam kamaymaydi.

Bir vaqtlar bitta texnik xodim oyning 10-sanasigacha to‘lovlarni to‘liq kompyuterga kiritib bo‘lib, yana shu to‘lovlarni «Forma 23» degan kitobga tushirib, nazoratchilar yuritadigan «Forma 22» kitobini ham tekshirishga ulgurardi. Birorta odam kelib sarson bo‘lganini eslay olmayman.

«Aqlli» hisoblagichlarga almashtirish yuqoridagi muammolarga to‘liq yechim bo‘ladimi? Hamma «Click» orqali to‘lov qilolmaydi, to‘lovini qaysidir bank orqali qiladi va to‘lovini bazaga kiritish uchun yana baribir elektr tashkilotiga bormaydimi?

Aslida qayerda to‘lov qilinsa ham bazadagi hisobga avtomatik kiritilishi kerak. Misol uchun, men biror bankda to‘lov qildim, agar shu bugun to‘lov qilmasam «svet»im o‘chadi, to‘lov qilganim bilan pul birdan bazadagi hisobimga borib tushmaydi-ku?! Men yana to‘lov qog‘ozimni ko‘tarib elektr tashkilotiga borishimga to‘g‘ri kelmaydimi?

Mening fikrim: hozircha iste'molchilarning to‘lov qilishini osonlashtirish, sarson bo‘lib yurmasliklari uchun joylarda to‘lov kassalarini ko‘paytirib, kompyuter orqali elektr tarmoqdagi bazaga ulash, shu yerning o‘zida bir yo‘la plastikli hisoblagich kartochkasini «zagruzka» qilishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Odamlarning ovora bo‘lib elektr ta'minot tashkilotiga borishi sababi to‘lovini hisobiga tushirtirish, to‘lovlardagi chalkashliklarni yechishdir.

Aholining to‘lov qobiliyatini oshirib, o‘z vaqtida to‘lash madaniyati shakllantirib, «vijdonli» nazorat bo‘lmasa noqonuniy foydalanishga urinish bo‘laveradi. Bizdagi kamchiliklardan biri ham shu deb o‘ylayman.

Faqat elektr hisoblagichni almashtirish muammolar yechimi bo‘la oladimi?

Quyi energetika bo‘g‘inida tuman elektr tarmoqlaridan to magistral elektr tarmoqlarigacha turli lavozimlarda ishlagan tajribamdan kelib chiqib quyidagi fikrlarni bildirmoqchiman.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sh.Xo‘jayevning ayrim gaplariga qo‘shilaman.Bizga hech qanday davlatning eksperti ham, uslubi ham unchalik shart emas. O‘zimiz ishni pastdagi muammolarni o‘rganib, yechim topishdan boshlashimiz kerak.

Elektr hisoblagich masalasida ertaga kimdir o‘zinikini ma'qullatib tiqishtirmasligi uchun yakuniy bir qarorga kelib, faqat foydalangan energiya haqini undirishni o‘ylamasdan, odamlarni uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlashni yaxshilash uchun ko‘proq e'tiborni mamlakatni to‘liq elektrlashtirish uchun 1960–1970-yillarda o‘sha vaqtdagi iste'molni hisobga olib qurilgan, hozirda katta yuklanishda ishlayotgan simlari talabga javob bermay qolgan elektr tarmoqlari va transformatorlarni yangilashga, iste'molchilar soni oshganini hisobga olib, qo‘shimcha tarmoqlar qurishga qaratish kerak.

Keyingi 2–3 yilda katta ishlar amalga oshirilmoqda, lekin bir yilda amalga oshirilgan ishlar mavjud elektr tarmoqlari hajmining 5 foizini ham tashkil qilmaydi.

Elektr energiyasini tejash yoqilg‘ini tejashdir, chunki qazib olinadigan gazning 32–35 foizi elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarflanar ekan, xalqni ayniqsa qishda elektrdan kamroq foydalanishi uchun issiqlik bilan ta'minlashni o‘ylash kerak. Chunki qishloqlarda yashovchi oddiy xalqning qishda jon saqlashi uchun elektrdan boshqa narsasi yo‘q. Elektrdan foydalanishga limit degan narsa ham rejalashtirilmoqda. Bizda oilalar qishda oyiga 500–600 kVt.dan kam ishlatmaydi.

Prezidentimiz bu yil qattiq topshiriq berdilar, mutasaddilar biror o‘zgarish qilishadi degan umiddamiz.

Olim To‘rayev,
pensiyadagi energetika faxriysi

Top