O‘zbekiston | 11:47 / 26.04.2024
4818
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ikki oyda aholidan 500 mln so‘mlik elektr energiyasi sotib olindi

DSQ tomonidan «Quyoshli xonadon» dasturi asosida yanvar-fevralda aholi xonadonlarida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilib, elektr tarmoqlari korxonasiga uzatilgan (sotilgan) elektr energiyasi uchun 500 mln so‘mlik subsidiya to‘lab berilgan.

Foto: Kun.uz

«Quyoshli xonadon» dasturi doirasida aholidan 500 million so‘mlik elektr energiyasi sotib olindi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan reportajda aytilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan «Quyoshli xonadon» dasturi asosida yanvar-fevral oylarida aholi xonadonlarida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilib, hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga uzatilgan (sotilgan) elektr energiyasi uchun 500 million so‘mlik subsidiya to‘lab berilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatgan quvvati 1 MVtgacha quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektrning o‘z ehtiyojidan ortiqchasi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan sotib olinadi.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi o‘zi foydalanishi uchun hosil qilingan elektr energiyasini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z elektr tarmoqlari orqali sotishi mumkin.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchining o‘z elektr tarmoqlari mavjud bo‘lmagan holatlarda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tarmog‘idan tranzit xizmatlari uchun idoralararo tarif komissiyasi hujjatlarida belgilangan tarif asosida to‘lovlarni amalga oshirgan holda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib beriladi. 

Yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar hisob-kitob oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar: 

- «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida jismoniy shaxslarga tegishli obektlarda o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (ijobiy tafovut) Davlat budjetidan 1000 so‘m subsidiya ajratiladi (Soliq mobil ilovasi orqali); 
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatiladigan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan to‘lab beriladi. 

Mavzuga oid