14:17 / 23.07.2020
11918
Termizda karantin cheklovlari kuchaytirildi

Termiz shahar epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi yig‘ilishi qaroriga muvofiq, shaharda karantin talablari kuchaytirilmoqda.

Unga ko‘ra, 2020 yil 23 iyuldan boshlab noma'lum muddatgacha:

Faoliyat turidan qat'i nazar barcha tadbirkorlik sub'yektlari, savdo do‘konlari (oziq-ovqat va dori-darmon savdosi bundan mustasno) ko‘ngilochar obektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, bar, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, kalyan markazlari, restoranlar, reklama va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati turlari koronavirus kasalligi bilan bog‘lik epidemiologik holat barqarorlashmaguncha to‘xtatilgan.

Shuningdek, quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • Karantin vaqtida hududlarda maqsadsiz va tegishli ruxsatnomasiz harakatlanayotgan avtomobillar ustidan hamda aholining zarur bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqishi bo‘yicha nazorat o‘rnatish;
  • shaharning kirish-chiqish, asosiy va ichki ko‘chalarida blok postlarni kuchaytirilgan rejimga o‘tkazish;
  • avtotransport vositalari kirishi hamda yo‘nalishsiz taksilar harakati to‘liq to‘xtatilishi,
  • shaharda aholining gavjum bo‘lib yurishini qatiy cheklash.

Avtotransport va mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish ham karantin davrida vaqtincha cheklanadi.

Bunda faqatgina hayotiy zarur ehtiyojlar oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchungina ruxsat etiladi. Maxsus ruxsatnoma (stiker)lari va «yetkazib berish» xizmati mavjud bo‘lgan avtotransportlari harakatlanishi mumkin.

Belgilangan karantin talabalari bo‘yicha shahardagi korxona, tashkilot va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari 25-26 iyul kunlari xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlari uyda qolishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratish talab etiladi.

Ma'lumki, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 10 iyuldan 1 avgustgacha butun respublika bo‘ylab qat'iy karantin joriy etilgandi. Kun.uz muxbiri Termiz shahrida alohida cheklovlar qabul qilinishi bo‘yicha shahar hokimligi matbuot xizmatidan izoh oldi.

«To‘g‘ri, respublika bo‘yicha karantin tartibi amal qilmoqda. Tartib qoidalar hokimlik tomonidan ham aholiga tinimsiz tushuntirilmoqda. Ammo shu paytgacha baribir shaharda avtomobil harakati yuqoriligicha qolayotgandi.

Aholi karantin qoidalariga befarq qaramoqda. Harakatni qat'iy cheklamasak bo‘lmadi. Bizda ahvol juda og‘ir», dedi hokimlik matbuot xizmati rahbari Abdumannon Saidmalikov.

  • Ma'lumot uchun, Surxondaryoda pandemiya davrida jami 343 holat qayd etilgan, shu vaqtgacha 175 kishi tuzalib chiqqan (51 foiz) va 6 bemor vafot etgan (respublikada Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan keyingi ko‘rsatkich). Viloyat hokimi To‘ra Bobolov ayni vaqtda Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalaridan birida davolanmoqda.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top