11:47 / 03.08.2020
22777
«Qo‘lida ulkan hokimiyat jamlagan to‘rtlik». Kongressmenlar Google, Facebook, Apple va Amazon rahbariyatini qanday so‘roq qilishdi?

Amerika hukumati IT-gigantlarni nihoyat yangi monopolistlar — Internet davrining trestlari deb tan oldi. Xo‘sh, buyog‘iga endi nima bo‘ladi? Monopoliyada ayblanayotgan sayyoramizning eng boy insonlari Amerika parlamentining quyi palatasi deputatlari oldida nega «mulla mingan eshak» holiga tushirildi? Tahliliy maqola mana shu haqida. 

Google, Apple, Amazon va Facebook rahbarlari — Sundar Pichay, Tim Kuk, Jyeff Bezos va Mark Tsukerberg — o‘tgan haftaning chorshanba kuni AQSh Kongressi vakillar palatasining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi oldida chiqish qilishdi. Foto: Mandel Ngan / EPA / TASS

AQSh Kongressi Vakillar palatasi yuridik masalalar bo‘yicha qo‘mitasining Rod Aylenddan saylangan demokrat kongressmen Devid Sisillin raisligidagi trestlarga qarshi kichik qo‘mitasi Apple, Amazon, Google va Facebook doxil IT-kompaniyalar katta to‘rtligi faoliyatini 2019 iyunidan tekshirishni boshlagan edi.

O‘tgan haftada hozir tobora moda bo‘layotgan videokonferensiya shaklida Vashingtonda surishtiruv yakunlari bo‘yicha eshittiruvlar bo‘lib o‘tdi. Ulkan monitor oldida himoya niqoblari taqib o‘tirgan kichik qo‘mitaning 15 a'zosi 6 soat mobaynida Apple, Amazon, Alphabet (Google hammuassisi) va Facebook rahbarlari va hammuassislari Tim Kuk, Jyeff Bezos, Sundar Pichay va Mark Tsukerbergni astoydil tergov qilishdi.

Albatta, 1994 yilda yirik tamaki kompaniyalari rahbarlarining eshittiruviga adolatli tarzda mengzalayotgan bu shov-shuvli tadbir avvalroq ham yakunlanishi mumkin edi. Kongressmenlar bilan muloqot qilgan IT-gigantlarning rahbarlari Cisco kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Webex videokonferensaloqa tizimidan foydalanganiga qaramasdan, aloqa sifati juda yomon edi. Xuddi oddiy odamlar singari qonunchilar goh tasvir, goh ovoz yo‘qolishiga ko‘nikishlariga to‘g‘ri keldi. Lekin ayrim konspirologlarning fikricha, aytichilar tomonidan atayin tadbirni buzish uchun yuzaga keltirilgan texnik nosozliklar kichik qo‘mita a'zolariga Katta to‘rtlik rahbarlari ustidan chinakam tergov o‘tkazishga aslo to‘sqinlik qila olmagan.

Yorilmaydigan trestlar

Agar Microsoft 1990-yillarning oxirida trestlarga qarshi qonunchilikni buzganlikda ayblangani e'tiborga olinmasa, yirik IT-kompaniyalar va ularning rahbarlari bunaqa bosimga to‘qnash kelmagan edi. Boshqa tomondan, ular hech qachon bu qadar qudratli ham bo‘lmagan. AQShning besh yirik IT-kompaniyasi — Apple, Amazon, Alphabet, Facebook va Microsoft’ning qiymati AQSh YaIMining 30 foiziga yaqinlashmoqda. So‘nggi bir yarim yil ichida ularning narxi ikki barobarga ortgan.

Sayyoramizning eng badavlat insonlari ro‘yxatidagi dastlabki o‘nlikdan yetti nafari o‘z boyliklarini yuqori texnologiyalik aktivlar ortidan orttirgan. Ularning boyligi yig‘indisi bir yil ichida 147 milliard dollarga oshib, 666 milliard dollarni tashkil etmoqda. Aytichilarning Bloomberg Billionaires Index’dagi jami boyligi so‘nggi uch yil ichida 751 milliard dollardan ikki barobarga oshib, ayni paytda 1,4 trillion dollarni tashkil etmoqda. Bunday shiddatli o‘sish iqtisodiyotning boshqa biror sohasida kuzatilmagan.

Foto: nytimes.com / Graeme Jennings

Kongressdagi eshittiruvlar ko‘rsatmoqdaki, Amerika hukumati nihoyat IT-gigantlarni yangi monopolistlar — Internet davri trestlari o‘laroq tan olgan. Eshittiruvlar arafasida «Kongress Katta to‘rtlikning jilovini tortib qo‘ymasa bu ishni o‘zim qilaman», deb tvit yozgan Donald Tramp ham olovga moy sepdi.

Albatta, yuqori texnologiyali gigantlarning hokimiyati va qudratini nafaqat amerikalik tartibga soluvchilar cheklashga intilmoqda. Bu borada aytichilarni soliqlardan qochish, Yevropada raqamli soliq joriy etishga urinishda ayblayotgan Yevropa komissiyasi ham juda faol. IT-gigantlar bilan kurashda yalovbardor bo‘lib turgan Fransiya bu soliqni joriy etgan, biroq Vashington bosimi ostida uni yil oxirigacha kechiktirdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi kontent ustidan nazoratni qat'iylashtirishga yo‘naltirilgan Turkiya hukumatining shu hafta ichida qabul qilingan qarorini ham esga olish mumkin.

IT-soha ayni paytda bir asr ilgari qabul qilingan trestlarga qarshi qonunchilikka ko‘ra yashamoqda. Tabiiyki, qonun eskirgan va yuqori texnologiyalar sohasini nazorat qilishga izn bermaydi. Masalan, 1980-yillardan boshlab tartibga soluvchilar «iste'molchilarning farovonligi» tushunchasi bilan ish ko‘ra boshlashgan, u qisqacha qilib aytganda, narxlar keskin oshmayotgan bo‘lsa, bozorda qandaydir raqobat mavjud bo‘lsa, bu hech qanday qoidabuzarlik yo‘qligini anglatadi. Lekin IT-gigantlar xizmatlariga ko‘p ham narx oshirishayotgani yo‘q, Google Maps yoki Instagram singarilar hattoki mutlaqo tekin xizmat taklif etishmoqda. Xullas, trestlarga qarshi qonunchilikka o‘zgartirish kiritmasdan iloj yo‘q. Lekin bu ish juda murakkab va yillarni talab qiladi.

Yaqin istiqbolda Katta to‘rtlik uchun eshittiruvlar oqibati shundan iborat bo‘lishi mumkinki, u AQSh Adliya vazirligi, Federal savdo komissiyasi (FTC) va Bosh prokuraturaga yangi surishtiruvlarni boshlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Har qanday holatda Katta to‘rtlik bo‘shashishi mumkin emas. Adliya vazirligi, masalan, yaqinda Google’ga reklama bozorida mutlaq yetakchilik qilayotgani uchun ayblov va'da qilmoqda. FTC esa Facebook’ning ijtimoiy tarmoqlar bozoridagi yetakchiligini tekshirmoqchi va yaqin kelajakda Mark Tsukerbergni qasam ichtirib, tergov qiladi.

Baland devor ortidagi bog‘

Eshittiruvlarga Sundar Pichaydan «Nega Google halol kompaniyalarning kontentini o‘g‘irlamoqda?» deb savol bergan kichik qo‘mita raisi Devid Sisillin ohang baxshida etdi.

Bozor qiymati 5 trillion dollarga yaqinlashayotgan Katta to‘rtlik yaqin yaqingacha Amerikaning faxri, sayyorada taraqqiyotning bosh harakatlantiruvchisi hisoblanardi. Ayni paytda juda daromadli bo‘lgan yuqori texnologiyalar bozoridagi monopol o‘rnidan nafaqat ko‘proq daromad olish, shuningdek, siyosatchilarning fikricha hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun foydalanishga bo‘lgan urinishda ayblanayotgan IT-kompaniyalarga AQShda ham, boshqa davlatlarda ham munosabat keskin yomonlashgan. Qonunchilar IT-gigantlar rahbarlarini kamida biznes sohasida zamonaviy Amerikani yaratgan XIX asrning baron qaroqchilariga tenglashtirishayotgani hayron qolarli emas.

Shunisi e'tiborliki, juda kamdan kam kuzatiladigan holat ham yuz bergan: kichik qo‘mitada demokratlar ham, respublikachilar ham umumiy dushman oldida birlashgan ittifoqchilardek harakat qilishgan. Lekin, tan olish kerak, e'tiroz uchun ularda turlicha sabablar bor. Masalan, demokratlar Katta to‘rtlik raqobatchilardan xalos bo‘lish maqsadida startaplarni sotib olayotganidan norozi. Respublikachilar esa to‘rtlik tomonidan so‘z erkinligiga rioya qilinmayotganiga ko‘proq urg‘u bermoqda: ularga ko‘ra, internet platformalar vatanparvarlikdan yiroq va konservatorlarning «og‘zini berkitib» qo‘ymoqda.

Ayniqsa Tsukerberg va Pichay qonunchilardan rosa gap eshitishdi, Tim Kukka kamroq gapirildi. Mark Tsukerberg 2012 yilda yozgan elektron xati yuzasidan tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi. Unda u Instagram’ni sotib olishdan ko‘zlayotgan bosh maqsadi asosiy raqobatchisini neytrallashtirish ekanligini tan olgan.

«Facebook, mening fikrimcha, monopoliyaga misol bo‘la oladi, shu sababning sizning kompaniyangiz bizning ma'lumotlarni yig‘ib pulga chaqadi, shundan so‘ng ulardan raqobatchilar ortidan josuslik qilish, ularni sotib olib yo‘q qilishda foydalanadi, — deya Tsukerbergni ayblagan kichik qo‘mita a'zolari ichida eng faoli va eng tajovuzkor kayfiyatda bo‘lgan kongressvumen Pramila Jayapal. — Siz Facebook’ning qudratidan raqobatchilarga tahdid qilish va kompaniyangizning mutlaq yetakchiligini kuchaytirishda foydalangansiz».

Facebook asoschisi 8 yil muqaddam hech kim xaridning foydali bo‘lishini o‘ylamagani, faqatgina Facebook tomonidan Instagram’ga kiritilgan ulkan investitsiyalar tufayligina muvaffaqiyat qozonilganini uzoq tushuntirishiga to‘g‘ri kelgan.

Trestlarga qarshi qo‘mita a'zolari Google’ning jamiki faoliyati foydalanuvchilarning ravnaqi uchun deya og‘iz juftagan Sundar Pichayning so‘zlarini bir necha marta bo‘lishdi. U izlash trafikini o‘z saytiga burib yuborish jinoyat emasligiga kongressmenlarni ishontira olmadi shekilli. Devid Sisillin Google’ni «baland devorlar bilan o‘ralgan bog‘»ga o‘xshatib, foydalanuvchilarni garchi kerakli axborot bo‘lmasa-da, Google saytlarida qolishga majburlashayotganini aytib o‘tgan.

Pramila Jayapalning g‘azablari asosan bu eshittiruvlar uning uchun debyut bo‘lgan Amazon ta'sischisi va egasi Jyeff Bezosga yo‘naltirilgan. Jayapal sayyoraning eng boy insonidan o‘z savoliga lo‘ndagina javob so‘ragan: Amazon o‘z mijozlaridan olingan ma'lumotlardan nojo‘ya maqsadlardan foydalanganmi?

«Men bu savolga lo‘nda qilib, «ha» yoki «yo‘q» deb javob bera olmayman», — degan ranjishini yashira olmasdan Jyeff Bezos.

Bezos qonunchilardan birining savoliga javob bera turib, uning kompaniyasi kichik sotuvchilarni kasod qilmayotganini ta'kidlay boshlaganida, unga kichikroq kitob do‘koni egasining uni xonavayron qilmasliklarini o‘tinib so‘ragani audiosini qo‘yib berishgan.

Multimilliarder 2010 yilda Amazon xodimlari o‘rtasidagi elektron yozishma haqida gap ochilganda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Bezosning qo‘l ostidagilar raqobatchilarni, jumladan Quidsi kompaniyasini bozordan siqib chiqarish va keyinchalik ularni sotib olishni ochiqchasiga muhokama qilishgan.

Jyeff Bezos bu voqealar o‘n yil avval ro‘y bergani va hozir hech narsa esida qolmaganini aytishdan yaxshiroq javob o‘ylab topa olmagan.

Tim Kuk hamkasblariga ko‘ra osongina qutuldi, deb hisoblash mumkin. Uni negadir Tsukerberg, Bezos va Pichaydan kamroq qiynashdi. Apple rahbaridan asosan nega uning kompaniyasi ilova yaratuvchilarga turlicha munosabatda bo‘lishini so‘rashgan. Barcha savollarga javoban Tim Kuk Apple bu masalada «ochiq va shaffof qoidalar» asosida harakat qilishini ta'kidlab turgan.

Eshittiruvlar yakunini Devid Sisillin e'lon qilgan: «Bugungi kundagi ahvoli bilan bu kompaniyalar monopol hokimiyatga ega. Ularning bir qismini ajratishga to‘g‘ri keladi. Ularning barchasini hisobdor qilib, tartibga solish zaruriyati bor».

O‘sish gormoni

Eshittiruvlardan ertasiga Kongressda Apple, Amazon, Alphabet va Facebook’ning choraklik hisobotlari e'lon qilingan. Ulardan IT-gigantlarga nega bunchalik e'tibor qaratishayotgani oydinlashgan.

Katta to‘rtlikning aprel-iyun oylaridagi faoliyati natijalari sayyoramizning eng katta iqtisodiyotida 2019 yilning ikkinchi choragiga solishtirganda 32,9 foiz tanazzul yuz bergan bo‘lsa-da, barcha prognozlardan oshib ketganini ma'lum bo‘ldi. To‘rtlikning ikkinchi chorakdagi umumiy daromadi o‘sishi 28,6 milliard dollar bo‘lgani, ularning bozor qiymati yana chorak trillion dollarga oshganini aytish kifoya.

Apple ikkinchi chorakda to‘rtlikning boshqa a'zolaridan ko‘proq pul ishlab topib, jahonning eng boy kompaniyasi statusini yanada tasdiqlagan. Jahon bo‘ylab o‘nlab do‘konlar yopilganiga qaramasdan, barcha hududlarda savdo o‘sgan. iPhone ishlab chiqaruvchisining sof foydasi 11,3 milliard dollarga, savdo tushumi esa 59,7 milliard dollarga teng bo‘lgan. Bunday yuqori ko‘rsatkichlar ikki omil bilan tushuntiriladi: 399 dollarlik iPhone SE yangi smartfon modelining o‘ta yuqori savdo ko‘rsatkichlari va App Store’da yanvar-mart oylariga nisbatan savdo 15 foizga oshib, rekord qayd etilgan.

Amazon’ning foydasi kamtarona — 5,2 milliard dollar. Buncha pulni sayyoramizning bosh onlayn-do‘koni o‘tgan yilning ikkinchi choragiga nisbatan sotuvlar hajmi 40 foizga oshgani tufayli ishlab topgan.

«Fikrimizcha, COVID-19 Amazon uchun o‘sish gormoni bo‘ldi», — deya Bezos kompaniyasining muvaffaqiyatini obrazli tushuntirgan D.A. Davidson & Company banki tahlilchisi Tom Fort.

Sayyoraning bosh reklama maydonchasi — Facebook daromadlari aprel–iyun oylarida 10 foizga oshgan va 18,3 milliard dollarni tashkil etgan, sof foyda esa 5,2 milliardga teng bo‘lgan.

Alphabet’da esa ilk marta choraklik tushum pasaygan (2 foizga) va 38,3 milliard dollarni tashkil etgan. Shunda ham ekspertlarning prognozlari chilparchin bo‘lgan. Alphabet’ning sof foydasi 7 milliard dollarga teng bo‘lgan, bu esa yana bir marta Google’ning ijtimoiy tarmoqlarda hamda «izlanuvchi» reklama bozorida yetakchi o‘rinda ekanligidan dalolat berib turibdi.

«Kuchlilar yanada kuchaymoqda, — deya sharhlagan Katta to‘rtlikning choraklik hisobotlarini Wedbush Securities tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Den Ivz. — Ko‘plab kompaniyalar yirik ziyon ko‘rayotgan bir paytda yuqori texnologiyalik og‘ir vaznlilar o‘z mushaklarini o‘stirib, hukmronligini mustahkamlamoqda».

Jyeff Bezos. Foto: Clodagh Kilcoyne / Reuters

To‘rtlikning ikkinchi chorakdagi xo‘jalik-moliya ko‘rsatkichlari «imperatorlar» (eshittiruvlarda kongressmenlar tomonidan ular shunday atalishgan) monopolist emasligi, o‘zlarining yetakchi vaziyatidan noqonuniy maqsadlarda foydalanmayotgani haqidagi ta'kidlarini rad etadi. Raqamlar aldamaydi. Pandemiya yuqori texnologiyalik gigantlarning ustunligini yanada kuchaytirgan. Iste'molchilarni uyda o‘tirishga majburlagan karantin ularga ziyon va kasodlik emas, daromadlarning oshishini taqdim etgan.

AQSh Kongressining trestlarga qarshi kichik qo‘mitasining haqligini Katta to‘rtlik rahbarlarining ikkinchi chorakdagi shaxsiy ko‘rsatkichlari ham tasdiqlab turibdi. Bloomberg ro‘yxatida birinchi va uchinchi o‘rinda borayotgan Jyeff Bezos va Mark Tsukerbergning boyligi bu yil umumiy 72,7 milliard (mos ravishda 63,6 milliard va 9,1 milliard)ga o‘sgan. Ularning har ikkisidan yangi rekord kutishmoqda: boyligi ayni damda 188 milliard bo‘lgan Bezosdan «ikkiyuzmilliardliklar» klubini ochish, Tsukerbergdan esa hozircha Amazon rahbari va Bill Geyts a'zo bo‘lib turgan «yuzmilliardliklar» klubiga qabul qilinish.

Ikkisi ham yaqin kelajakda yangi marralarni zabt etishi mumkin. Bu haqda iyul kunlaridan birida Bezosning boyligi 13 milliardga oshgani ham so‘zlab turibdi. 26 iyul holatiga (ayni damda bu ma'lumotlar yanada oshgan, albatta) 56 yoshli Bezos kuniga 307 million, soatiga 12,8 million, daqiqasiga 200 ming dollar ishlagan. Har soniyada uning boyligi, 3,3 ming dollarga ko‘payadi.

Adolat yuzasidan qayd etmoq joiz, fevral oyida kapitali 10 milliard dollar bo‘lgan va global harorat ko‘tarilishiga qarshi kurashuvchi Bezos Earth Fund ochilishini e'lon qilgan edi. To‘g‘ri, pandemiya boshlangach, uning bu muammoni bartaraf etish uchun xayriyasi kamtarona bo‘ldi, u oziq-ovqat bankini qo‘llab-quvvatlaydigan Feeding America notijorat tashkilotiga atigi 100 million dollar berdi. Bu summa Bezos boyligining 0,1 foizidan ham kamroqni tashkil etadi.

Top