16:31 / 05.08.2020
4695
Giyohvandlik moddasini mevalar orasiga yashirib poytaxtga olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Foto: IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan, o‘rik sotish bahonasida mevalar orasiga yashirin tarzda olib kelinayotgan, taxminiy bahosi 2 000 AQSh dollariga teng gashish giyohvandlik moddasi poytaxt hududiga olib kirilishining oldi olindi.

IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, 1983 yilda tug‘ilgan farg‘onalik U.D.ning boshqaruvidagi Damas avtomashinasi Ohangaron shahri hududida o‘rnatilgan karantin postida gumonlanib to‘xtatiladi va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiriladi. Natijada, mazkur avtomashinaga olib kelinayotgan o‘rik mevalari orasida yashirilgan 165,3 gr og‘irlikdagi gashish (ekspertiza xulosasiga asosan) giyohvand moddasi borligi aniqlanadi.

Haydovchi suhbat davomida ushbu giyohvandlik vositasini Toshkent shahridagi mijozlariga 2 000 AQSh dollariga sotish maqsadida yashirin tarzda olib kelayotganini ma'lum qilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Ohangaron shahar IIB huzuridagi TB tomonidan fuqaro U.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top