13:29 / 08.08.2020
15682
O‘zbekiston fuqarolari Rostov viloyatidan poyezd orqali qaytarilmoqda

Poyezdlar O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya – Qozog‘iston davlat chegarasidan o‘tkazish masalasi bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan, O‘zbekiston fuqarolarini yo‘lovchi poyezdlari orqali olib kelish jarayoni amalga oshirilmoqda. 

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabariga ko‘ra, navbatdagi yo‘lovchi poyezdi o‘zbekistonliklarni Rossiyaning Rostov viloyatidan olib kelishga Toshkentdan jo‘nab ketdi.

Gnilovskaya – Toshkent yo‘nalishidagi poyezd 918 nafar yo‘lovchi bilan 10 avgust kuni yo‘lga chiqadi. Ushbu yo‘lovchi poyezdida og‘ir kasallanganlar va ularga hamrohlik qiluvchilar uchun maxsus joylar ajratilgan.

Mazkur reys chiptalari faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun sotilmoqda. Yo‘nalishdagi chipta narxi 2.079.700 so‘m (14.855 rubl)ni tashkil etadi. Yo‘l davomida yo‘lovchi poyezdlar faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya'ni stansiya-vokzallarda yo‘lovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezdlar O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

Qayd etilishicha, ushbu reyslarda olib kelingan yo‘lovchilar poyezdlardan tushishi bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi. Aynan shu jihatni inobatga olgan holda yo‘lovchilarning qarindosh va yaqinlaridan ularni kutib olish maqsadida vokzalga tashrif buyurmasliklar so‘ralgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top