21:50 / 08.08.2020
12758
Reportaj: Toshkentda bir martalik yordam puli uchun ro‘yxat qanday shakllantirildi va moddiy ko‘mak kimlarga berildi?

Iyul oyi oxirida Vazirlar Mahkamasining koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida farmoyishi qabul qilingan, unga asosan ehtiyojmand oilalarga 150 mlrd so‘m tarqatilishi belgilangan edi.

Qurbon hayiti arafasida va bayramning ilk kunida – 30-31 iyul kunlari mazkur mablag‘lar «temir daftar»ga kiritilgan oilalarga tarqatib chiqildi.

Muxbirimiz Toshkentning Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida ajratilgan pul mablag‘lari kimlarga tarqatilgani, «temir daftar» qanday shakllantirilgani bilan qiziqib bir nechta mahallalarda bo‘ldi, fuqarolar va mahalla raislari bilan suhbatlashdi.

Shayxontohur tumani

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Shayxontohur tuman bo‘limining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, «Temir daftar»ga har bir sektor rahbari tomonidan muhtoj 2970ta oilaga ajratilgan 3 mlrd 564 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari har bir oilaga 1 million 200 ming so‘mdan yetkazilgan.

Qayd etilishicha, ushbu ro‘yxatdagi oilalarning 784tasi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 22tasi kam ta'minlangan, 348tasi pandemiya davrida daromadini yo‘qotgan, 506tasi uy karantiniga olingan oilalardir. Shuningdek, 816ta oilada nogironligi bo‘lganlar, 223ta oilada og‘ir kasallar, 266tasida ishsiz fuqarolar istiqomat qiladi. Yana 5ta oila besh va undan ko‘proq farzandni voyaga yetkazmoqda.

Dastlab tumanning Komolon darvoza mahallasida bo‘lib, mahalladagi yordamga muhtoj fuqarolar bilan suhbatlashdik. Karantin davrida daromadi uzilgan, qiynalib qolgan fuqarolar davlat tomonidan tarqatilgan pul mablag‘larini olgani, oziq-ovqat mahsulotlari ham berilganini ta'kidlashdi. Albatta, qiyin moliyaviy sharoitda bu yordam pullari ularga kutilmagan xursandchilik olib kelganini ham aytish joiz.

Ma'lum qilishlaricha, Komolon darvoza mahallasida 856ta oila bo‘lib, 4780 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 76 nafar yordamga muhtoj oilaga naqd pul ko‘rinishida 1 mln 200 ming so‘mlik pul mablag‘lari tarqatilgan.

Shuningdek, tumanning Yangiobod mahallasida ham bo‘ldik. Ushbu mahallada ham ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ularga ro‘yxat asosida yordam pullari tarqatilgan.

Yordam pullarini olgan bir nechta oilalar xonadoniga borib, ular bilan suhbatlashdik, haqiqatan ham ehtiyojmand oilalar ekaniga guvoh bo‘ldik. Birida boquvchisi yo‘q, biri ko‘p farzandli, birida esa nogironligi bo‘lgan oila a'zosi bor. Ular tarqatilgan pul mablag‘larini olganidan mamnun ekanliklarini yashirishmadi.

Yangiobod mahallasida jami 6341 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Ular 1220ta oilani tashkil etadi. Mahalladagi 70 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj oilaga hukumat tomonidan ajratilgan 1 mln 200 ming so‘mlik bir martalik pul mablag‘lari tarqatilgan.

Yashnobod tumani

Keyingi manzilimiz poytaxtning Yashnobod tumanidagi mahallalar bo‘ldi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Yashnabod tuman bo‘limining ma'lum qilishicha, qarorga asosan «Temir daftar»ga har bir sektor rahbari tomonidan muhtoj 3095ta oilaga ajratilgan 3 mlrd 714 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari har bir oilaga 1 mln 200 ming so‘mdan tarqatilgan.

Dastlab tumanning Gulzor mahallasidagi yordam pullarini olgan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar bilan suhbatlashdik.

5 nafar farzandning birida nogironligi bo‘lgan onaxonning aytishicha, karantin davrida ishsiz qolib qiynalgan. Bir martalik yordam puli esa ularga ancha yordam bo‘lgan. Ishsiz qolganidan so‘ng mahallaga jamoatchi bo‘lib ishga kirgan. Bu yordam pulidan ular juda mamnun bo‘lishganini yashirmadi. Shuningdek, onaxon yordam pulidan tashqari, karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlarini olib turganini ham aytib o‘tdi.

«Gulzor» MFYda 4,5 mingdan ziyod fuqaro istiqomat qiladi. Bir martalik yordam pullari mahalladagi 16ta oilaga berilgan.

Yordam pullari olgan fuqarolar ro‘yxati mahalla joylashgan binoga osib qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolar bu pullar kimlarga berilgani haqida ma'lumot olishi mumkin.

Tumanning «Olmos» MFY 2200ta oiladan tashkil topgan bo‘lib, mahallada 9800 nafar fuqaro istiqomat qiladi, ulardan 53tasi «Temir daftar»ga kiritilgan bo‘lib, bir martalik yordam pullari berilgan.

Top