17:16 / 08.08.2020
19744
«Yaxshi ham OAV, yaxshi ham blogerlar bor ekan». Bosh vazir muhtojlarga ajratilgan pullar bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi

Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, yig‘ilishda ayrim mahalla raislari va mansabdor shaxslarining pora olish, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish  va boshqa jinoyatlar sodir etilishi bilan bog‘liq holatlar chuqur tahlil qilindi.

“Mana yaqinda prezidentimizning tashabbuslari bilan pandemiya davrida aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan 400 mingdan ko‘proq oilalarning 1,7 million fuqarolarga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Afsuski, joylardagi ayrim mahalla raislari xalqimiz boshiga tushgan shunday sinovli davrlarda odamlarni o‘zaro birlashtirish, holidan xabar olish o‘rniga, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar uchun ajratilgan ushbu pul mablag‘larini o‘zlashtirib yuborish holatlari kuzatildi. Bu esa aholining haqli e'tiroziga sabab bo‘ldi.

Mahalla raislarining bunday adolatsizligi ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzulardan biriga aylandi.

Ochig‘i, mahalla raislari va xodimlarining bunday noqonuniy xatti-harakatlarini hech qaysi mezon bilan izohlab bo‘lmaydi.

Yaxshi ham ommaviy axborot vositalari bor ekan, yaxshi ham blogerlar bor ekan. Tizimdagi muammolarni yaqqol ko‘rsatib berishyapti. Bo‘lmasa, hamma yer ura-ura, qarsakbozlik bo‘lib ketardi. Bu mahalla oqsoqollarining hammasi shunaqa degani emas. Ularning oyliklari  ham aytarli ko‘p emas. Lekin shu oylikka qanoat qilib oilasini boqayotgan, xalqiga, Vataniga sidqidildan xizmat qilayotgan fidoiylari ham bor”, deya hukumat rahbarining so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Top