23:38 / 14.08.2020
8149

Shamol va quyosh energetikasi birinchi marta dunyodagi umumiy elektr energiyaning 10 foizini berdi 

Ember agentligi tahlilchilari quyosh va shamol energetikasi 2020 yilning birinchi yarmida dunyoda ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 10 foizini berganini hisoblab chiqishdi. Bu esa rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Foto: KUN.UZ

Bu orada ko‘mir elektr stansiyalari o‘z quvvatining yarmidan kamroqqa ishlagan.  

Pandemiya vaqtida elektr energiya iste'moli kamayganiga qaramay, tiklanuvchi energiya manbalari yordamida yanvardan iyungacha 1129 TVt-soat energiya olingan. 2019 yilning birinchi yarmida bu energiya manbalari ishlab chiqargan energiya 992 TVt-soatni tashkil qilgan. Bir yillik o‘sish 13,8 foiz bo‘lgan. 

Shamol va quyosh yordamida olingan energiya ulushi iqlim haqida Parij kelishuvi imzolangan 2015 yildan beri 2 martadan ko‘proqqa oshgan. O‘shanda bu ko‘rsatkich 4,6 foizni tashkil qilgan. 

Havoni eng ifloslantiruvchi qazilma yonilg‘i – ko‘mir yoqishdan olinadigan energiya hajmi 2020 yil birinchi yarmida 8,3 foizga kamaygan. 

Tahlillarning ko‘rsatishicha, ko‘plab yirik davlatlar, jumladan, Xitoy, AQSh, Hindiston, Yaponiya, Braziliya va Turkiya o‘zi ishlab chiqaradigan umumiy energiyadan kamida 10 foizini shamol va quyoshdan oladi. Bunda Britaniya va Yevropa ittifoqi alohida tahsinga sazovor hisoblanadi, chunki ular mos ravishda 21 va 33 foiz energiyani tiklanuvchi manbalardan oladi.

Shamol energetikasi bo‘yicha global kengash (GWEC) prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib dengiz shamolidan olinuvchi energiya hajmi butun dunyo bo‘ylab 2019 yildagi 29,1 GVtdan 234 GVtgacha ko‘payishi mumkin.

Top