14:59 / 15.08.2020
40227
«Agar belaruslar dosh berolmasa, bu to‘lqin u tomon siljiydi»: Lukashenko Belarusdagi vaziyatni Putin bilan muhokama qilmoqchi

Lukashenko Belarusdagi vaziyatni Putin bilan muhokama qilmoqchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ro‘y berayotgan voqea butun Ittifoq davlatiga tahdid soladi va «Belarusni himoya qilish boshqalarga namuna» bo‘lishi kerak.

Foto: Reuters

Belarus Markaziy saylov komissiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, prezidentlik saylovida 80 foiz ovoz olgan Aleksandr Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashib olishi kerakligini aytdi. «Putin bilan, Rossiya prezidenti bilan bog‘lanishimiz kerak, men hozir u bilan gaplashishim lozim. Chunki bu endi faqatgina Belarus uchun xavf emas», - dedi siyosatchi respublikadagi vaziyat haqida. Lukashenkoning bayonoti bo‘lgan video «Pul Pervogo» Telegram kanalida e'lon qilindi.

Lukashenkoga ko‘ra, bugungi kunda Belarusning himoyasi «butun Ittifoq davlatini himoya qilish ishidan kam emas». «Agar Belarus dosh bera olmasa, unda bu to‘lqin unga qarab harakatlanadi», - dedi Lukashenko. Uning ta'kidlashicha, «ko‘chada aylanib yurganlar» buni tushunmaydi.

O‘z navbatida, ularni «muvofiqlashtirayotganlar» hamma narsani tushunadi va professional tarzda ishlayapti, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi. «Sun'iy kadrlar, soxta narsalar... Ma'lum bo‘lishicha, Moskvada mening uyim ham bor ekan», - dedi Lukashenko. Uning qayd etishicha, hatto Belarusda ham ko‘chmas mulkka ega emas. Shuningdek, u mamlakatni tark etgani va kasal bo‘lganligi haqidagi xabarlarni ham esladi hamda ular soxta ekanligini aytdi.

9 avgust kuni respublikada bo‘lib o‘tgan prezident saylovlaridan keyin aholi ommaviy norozilik namoyishlariga chiqa boshladi. Dastlabki kunlarda namoyishchilar kuchishlatar tuzilmalarning qattiq qarshiligiga duch keldi. Namoyishchilarga qarshi yengil granatalar, rezina o‘qlar, suv to‘plari ishlatildi va o‘qotar qurollardan foydalanildi. Bir necha kun ichida 7000dan ortiq odam qo‘lga olindi. Izolyatorlar va militsiya bo‘limlarida bo‘lganlarning so‘ziga ko‘ra, kuchishlatar xodimlar qo‘lga olinganlarni kaltaklashgan. Belarus IIV bu ayblovlarni rad etmoqda. 13 avgustdan boshlab respublika aholisi tinchlik aksiyalariga «birdamlik halqasi» shaklida chiqa boshladi.

Lukashenko Belarusdagi saylovlardan ikki kun oldin Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan. O‘shanda siyosatchilar respublika hududida 33 nafar rossiyalikning hibsga olingani masalasini muhokama qilishgan. 14 avgust, juma kuni Bosh prokuratura iyul oyining oxirida Belarusda ushlangan 32 kishi Rossiyaga qaytganini ma'lum qildi. Yana bir shaxs respublikada qolgan, chunki unda Belarus pasporti bor.

Putin Lukashenkoni prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani bilan birinchilardan bo‘lib tabrikladi. Avvalroq, Lukashenkoni XXR raisi Si Tszinpin ham tabriklagan edi. 

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top