00:52 / 18.08.2020
5433

Xitoyning Guanchjou shahrida koronavirus sababli muzlatilgan mahsulotlar importi taqiqlandi

Xitoyning eng gavjum provinsiyasi bo‘lgan Guandunning poytaxti Guanchjou shahrida koronavirus tarqalishi darajasi yuqori bo‘lgan davlatlardan muzlatilgan go‘sht, baliq va dengiz mahsulotlari import qilish taqiqlab qo‘yildi. 

Foto: REUTERS

Financial Times nashrining yozishicha, shahar rahbariyatining bu qaroriga xorijdan, jumladan Braziliya va Ekvadordan import qilingan muzlatilgan mahsulotlarda koronavirus aniqlangani sabab bo‘lgan.
        
2020 yil birinchi yarmida Guanchjou 665 mln dollarlik muzlatilgan go‘sht va baliq import qilgan. Biroq Xitoy hukumati xorijdan keltiriluvchi mahsulotlarni koronavirusga tekshirishni buyurgandan keyin, iyun oxiridan muzlatilgan mahsulotlarning o‘zida yoki ularning o‘ramlarida koronavirus aniqlanishi bilan bog‘liq 10 ta hodisa qayd qilingan. 

Bu orada ba'zi olimlar va JSST Xitoyning mahsulotlarda koronavirus aniqlanishi sababli xavotirga tushishiga qo‘shilmayapti. JSSTning fikricha, virus insonga mahsulot sirtidangina yuqishi mumkin. Yyel universiteti olimi Si Chenning ta'kidlashicha esa, muzlatilgan mahsulotlarning koronavirusga tahlili natijasi musbat chiqqani ularda o‘lik koronavirusning irsiy materiali borligi bilan tushuntirilishi mumkin va ular insonni zararlay olmaydi. 

“Xitoy o‘zini virusni nazoratga olgan, deb hisoblamoqda va shu sababli uning qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha vositani qo‘llashga tayyor. Biroq bunda fanga tayanish va xalqaro savdoga putur yetkazmaydigan choralar ishlab chiqish lozim”, deb aytgan Si Chen.

 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top