19:19 / 21.08.2020
32810
«Boshqa monopol tashkilotlarga ham dars bo‘lishi kerak» - Akmal Burhonov UzAuto Motors bilan bog‘liq vaziyat haqida

«Monopol tashkilot tomonidan narxlar oshkor qilib borilganda ahvol bu darajaga yetib kelmagan bo‘lardi», – deydi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori.

20 avgust kuni O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunida Kun.uz muxbiri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovdan UzAuto Motors atrofidagi voqealarga munosabatini so‘radi.

«Albatta, kuzatib boryapmiz. Eng quvonarlisi, bugungi kunda jamoatchilik ovozi nafaqat parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti, balki Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham alohida surishtiruv olib boryapti.

Birinchi marotaba davlat tashkiloti shunday masalani ko‘tarib chiqib, qabul qilingan ayrim qarorlar noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatib chiqdi.

Umuman, bu kabi holatlar rivojlangan davlatlarda odatiy hol. Ya'ni, bir-birini tiyib turish masalasi. Men hozir qaysidir tomonni aybdor deb aytolmayman. Chunki, bugun UzAuto Motors ham kecha qo‘mita tomonidan keltirilgan raqamlar asossiz ekani va sudga murojaat qilishi mumkinligini aytdi.

Biz jarayonlardan shu narsaga amin bo‘ldikki, har qanday davlat idorasining faoliyati ochiq va shaffof yuritilmas ekan, bunday savollar ko‘payaveradi, muhokamalar chiqib kelaveradi.

O‘ylaymanki, bu boshqa idoralar, ayniqsa monopol tashkilotlar uchun ham dars bo‘lishi kerak. Monopol tashkilot tomonidan narxlar oshkor qilib borilganda ahvol bu darajaga yetib kelmagan bo‘lardi», – dedi Burhonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar sud Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarorini asosli deb topsa, bu keyingi jarayonlar boshlanishiga asos bo‘ladi va Korrupsiyaga qarshi agentlik ham o‘z vakolati doirasida surishtiruvlar olib boradi.

«Kerak bo‘lsa, agentligimiz ham ishni oxiriga yetkazish bo‘yicha va holatning kelib chiqish sabablari bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazadi», – dedi Akmal Burhonov 20 avgustdagi intervyuda.

Eslatib o‘tamiz, 21 avgust kuni Oliy Majlisning bir guruh deputatlari UzAuto Motors'ning narxlarni oshirishida korrupsiya alomatlari ko‘zga tashlanayotganini aytib, Akmal Burhonov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga deputatlik so‘rovi kiritgani ma'lum bo‘ldi.

Top