23:03 / 22.08.2020
27962

YPX xodimi xizmat mashinasida turli manevrlarni bajargani aks etgan video tarqaldi. YHXBB izoh berdi

21 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda «GAI akamizdan avto-tryukni dodasi» sarlavhali videolavha tarqaldi. Unda YPX xodimi xizmat avtomashinasida turli manyovrlarni bajarayotgani ko‘ringan.

IIV YHXBB Axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, video Qo‘qonda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan ArmyGames o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonidan olingan.

Ma'lum bo‘lishicha, 15 avgustdan 5 sentyabrgacha Qo‘qon shahrida «Xalqaro umumarmiya o‘yinlari-2020» doirasida «Yo‘l-patrul» ko‘rik tanlovi o‘tkazilmoqda.

Musobaqada ishtirok etish uchun DYHX xizmatining Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida xizmat olib borayotgan 25 nafar xodimi o‘zlariga biriktirilgan patrul avtomashinalari bilan 19 avgust kuni Farg‘ona viloyatiga yetib borishgan.

21 avgust kuni YPX xodimi R.Muhammedov «Lasetti» rusumli, 01 783 VSC davlat raqam belgili transport vositasining texnik holati, sozligi va chidamliligini tekshirish maqsadida tanlov oldi mashg‘ulotlar olib borayotgan vaqtida, ushbu holat atrofda tomosha qilayotgan qatnashchilar va fuqarolar tomonidan tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.

«Fuqarolardan ushbu holatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rab, xodimlarimizga nufuzli xalqaro tanlovda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz», – deyiladi xabarda.

Top