07:37 / 26.08.2020
14369
Prezident bosh vazir o‘rinbosarlari Sardor Umurzoqov va Jamshid Qo‘chqorovga sanoatdagi ishlar holati bo‘yicha yangi topshiriq berdi

Eksport salohiyatini yanada kengaytirish, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta'minlash mo‘ljallanmoqda.

Prezident “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga (S. Umurzoqov):

jahon va ichki bozorda narx va talab kon'yunkturasi, ishlab chiqarish va taqsimot balanslaridan kelib chiqib, eksport prognozining yillik umumiy ko‘rsatkichlarini saqlagan holda eksport prognoz ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish kiritish;

investitsiya dasturlariga ularning umumiy parametrlari hamda ko‘rsatkichlarini saqlagan holda tuzatish, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish;

oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yo‘l xaritalari» hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatlari berildi.

Bunda, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yo‘l xaritalari», shuningdek xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ning umumiy ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish Hukumat komissiyasi (S. Umurzoqov) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Hukumat komissiyasi:

belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini o‘rganish uchun doimiy ravishda respublika viloyatlariga tashriflarni amalga oshirib boradi;

har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga nazarda tutilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan axborot kiritib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari S. Umurzoqov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hududda ishlab chiqarishni kengaytirish, raqobatdosh mahsulot chiqarishda ilm-fan, innovatsiya, loyihalashtirish, moliya, injiniring va investitsiya tashkilotlarini o‘z ichiga olgan «sanoat klasterlari»ni tashkil etish dasturini kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosarlari S. Umurzoqov va J. Qo‘chqorov:

iqtisodiyot tarmoqlari va hudud rahbarlari bilan birgalikda har hafta sanoatdagi ishlar holatini muhokama qilib, muammolarni yechib boradi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda sanoat va investitsiya bo‘yicha barcha ko‘rsatkichlarni qayta hisob-kitob qilib, korxonabay ish rejasini tasdiqlaydi hamda ijrosi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatadi.

Iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari bir oy muddatda hududlarga chiqqan holda, sanoat korxonalarida ishlab chiqarish rejasini kafolatli ta'minlash va investitsiya loyihalarini yakunlash uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir haftada barcha sanoat korxonalari bo‘yicha ishlab chiqarish dasturlarini tasdiqlasin va ijrosini qat'iy nazoratga oladi hamda har chorak yakuni bo‘yicha dasturlar ijrosi natijalari to‘g‘risida Hukumat komissiyasiga axborot kiritib boradi.

Top