Jahon | 10:42 / 10.05.2024
4159
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning Rossiyaga eksporti AQSh sanksiyalari fonida qisqarmoqda

Aprel oyida Xitoydan Rossiya Federatsiyasiga eksport 10,8 foizga kamaydi. Mart oyida pasayish 13 foizni tashkil etdi.

Foto: RIA Novosti / Anna Ratkoglo

AQSh sanksiyalari tufayli Xitoyning Rossiyaga eksporti yana kamaydi. XXR bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga yetkazib berish hajmi shu yilning o‘tgan oyiga nisbatan 10,8 foizga kamaydi. Mart oyida, o‘z navbatida, pasayish 13 foizni tashkil qilgan, deb yozadi Reuters 9 may, payshanba kuni.

Shu bilan birga, aprel oyida Rossiyadan Xitoyga import, bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, aksincha, 23 foizga oshdi. 

Xitoy kompaniyalari AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tish yo‘lini qidirmoqda 

Avvalroq Reuters agentligi Xitoyning ko‘plab banklari AQSh sanksiyalari tufayli Rossiya Federatsiyasiga mahsulot eksport qiluvchi mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qilishdan cho‘chiyotganini yozgan edi. Shu sababli, mahalliy kompaniyalar ularni chetlab o‘tish yo‘llarini izlashga majbur. Bu ma’lumotni agentlikka bank va savdo doiralaridagi yetti manba tasdiqlagan. 

«Xitoyning yirik banklari Rossiya bilan bog‘liq operatsiyalarni moliyalashtirishdan voz kechar ekan, ba’zi Xitoy kompaniyalari chegaradagi kichik banklarga va pul brokerlari kabi xufiyona moliyalashtirish kanallariga murojaat qilmoqda, hattoki kriptovalutadan ham foydalanmoqda», - deya o‘z suhbatdoshlaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi. 

Xitoyning bir qancha kompaniyalari AQSh sanksiyalari ostida qoldi. Xitoy sanksiyalarni «noqonuniy» deb atadi 

2024 yilning 1 mayida AQSh Ukrainadagi urush uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Ro‘yxatda Xitoy va Hongkong ma’muriy hududida ro‘yxatdan o‘tgan 20 ta kompaniya bor. «Xitoy tomoni AQShning noqonuniy, bir tomonlama sanksiyalariga qat’iy qarshi chiqadi», dedi Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy Xitoy kompaniyalarining yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini izohlar ekan. 

Lyu Penyuyning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati qonunlar va me’yorlarga muvofiq ikki maqsadli tovarlar eksportini nazorat qiladi, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik esa Jahon savdo tashkiloti (JST) qoidalari va bozor tamoyillariga mos keladi. AQSh Moliya vazirligi bayonotiga ko‘ra, bu korxonalar «Rossiyaga qurol ishlab chiqarish yoki harbiy dasturlarni amalga oshirish uchun asosiy komponentlarni olishda yordam beradi». 

Mavzuga oid