13:38 / 26.08.2020
3432
Qo‘qonda 5 yillik aliment qarzini to‘lamasdan qochib yurgan fuqaro ushlandi - MIB

2015 yildan buyon bir nafar voyaga yetmagan farzandiga aliment to‘lamasdan qochib yurgan fuqaro ushlandi. Uning 26 million 458,6 ming so‘m qarzi bo‘lgan. Bu haqida Majburiy ijro byurosi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining 2013 yil 13 dekabrdagi buyrug‘iga asosan, Qo‘qon shahar, Shaldiramoq ko‘chasida yashovchi A.D.dan bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirilishi belgilangan. Biroq u 2015 yil mart oyida aliment to‘lashni to‘xtatib, yashiringan.

Majburiy ijro byurosi Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan qarzdor A.D. muqaddam yashagan xonadon bir necha marotaba o‘rganilgan, lekin aliment to‘lovchini topish imkoni bo‘lmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, A.D. Toshkent shahriga ishlash maqsadida ketib o‘sha yerda qolib ketgan, biroq u Toshkentda karantin qoidalari kuchaytirilgach, Qo‘qonga qaytishga majbur bo‘lgan.

«20 avgust kuni A.D. ro‘yxatdan o‘tgan manzilda qo‘lga olindi, unga 5 yildan ortiq muddat davomida to‘lanmasdan kelingan jami 26 million 458,6 ming so‘m aliment pulini to‘lash taklifi berilgan, biroq fuqaro buni rad etgan. Va unga nisbatan to‘plangan ma'muriy ish hujjatlari Furqat tuman ma'muriy sudiga yuborildi.

Sud A.D.ga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosini tayinladi. Qarzdorning zimmasidagi qarzlarni undirish choralari ham ko‘riladi», deyiladi MIB xabarida. 

Top