16:03 / 02.09.2020
53594
Testlarning ilk kuni 1-smenasida telefon bilan qo‘lga tushgan abituriyentlar soni ochiqlandi

2 sentabr kuni birinchi smenadagi testlarda tartibni buzgani uchun 29 abituriyent testdan chetlashtirildi, ulardan 26 nafari – telefon va boshqa turli elektron vositalardan foydalangan. Yana 4 abituriyent telefon bilan kirmoqchi bo‘lgani uchun chetlashtirilgan.

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov OTMlarga kirish testlarining ilk kuni 1-smenasiga oid raqamlarni ma'lum qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«1-smena imtihonlari 08:00dan 11:00gacha o‘tkazildi. Bugun 1-smenada 59 250 nafar abituriyent test topshirishi rejalashtirilgan edi. Ularning 55 767 nafari ishtirok etdi. Tezkor ma'lumotlarga ko‘ra, 3 474 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra testga kelmadi.

1 nafar abituriyentning tana harorati 37 darajadan baland bo‘lgani uchun testga kiritilmagan.

Test qoidalarini buzgani uchun 8 nafar abituriyent kirish joyida test sinovlaridan chetlashtirildi. Ularning 4 nafari telefon, 1 nafari shpargalka, 2 nafari boshqa abituriyent o‘rniga kirmoqchi bo‘lgan, 1 nafari hujjatni soxtalashtirgani uchun chetlashtirilgan», – dedi Sardor Rajabov AOKAdagi brifingda.

Qayd etilishicha, test sinovlari jarayonlarida tartib-qoidani buzgani uchun 29 nafar abituriyent testdan chetlashtirilgan. Ularning 26 nafari telefon va boshqa turli elektron vositalardan foydalangani uchun, 1 nafari shpargalka, 1 nafari kalkulyator va 1 nafari soxta hujjat bilan testga kirgani uchun chetlashtirildi.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top