13:55 / 04.09.2020
4049
ArMI-2020: Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan “Yo‘l patruli-2020” musobaqasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi - Fotolar

Qo‘qon shahri bu yil ilk marta VI Xalqaro Armiya o‘yinlari doirasidagi “Yo‘l patruli-2020” musobaqasiga mezbonlik qildi.

25 avgustdan 3 sentyabrga qadar tashkillashtirilgan musobaqaning tantanali yopilish va taqdirlash marosimi Qo‘qon shahridagi Sharqiy harbiy okrugida bo‘lib o‘tdi.

ArMI-2020 xalqaro Armiya o‘yinlarining “Yo‘l patruli-2020” musobaqasi bahslarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligining jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Jamoa vakili Siddiq A'zamov avtomobilni ekstremal boshqarish borasida musobaqa rekordini yangiladi. U konuslar bilan chegaralangan maxsus qisqa va tor yo‘lakni bosib o‘tishda 1.23.55 soniya vaqt sarflab 2019 yilda Rossiya terma jamoasi o‘rnatgan rekordni yangiladi.

Musobaqada belgilangan shartlarni bajarishda qayd etilgan natijalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi birinchi, Rossiya Federatsiyasi ikkinchi, Belarus Respublikasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, hakamlar hay'ati tomonidan individual yo‘nalishdagi nominantlar ham aniqlanib taqdirlandi. 

Musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘olib jamoaga Xalqaro Armiya o‘yinlari “Yo‘l patruli-2020” musobaqasining ramziy belgisi hamda bosh sovrin - O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “Gentra” avtomashinasining kaliti topshirildi.

 Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari, polkovnik Alisher Norboyev hamda Qo‘qon shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov ishtirok etdi.

Tantanali tadbir san'at ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri

Top