15:03 / 06.09.2020
23386
SSV: Dezinfeksiya tunnellari – koronavirusga qarshi eng foydasiz chora

Professor Ilmira Roziqova dezinfeksiya tunnellarining inson organizmiga zararli tomonlari haqida gapirib, davomiy ishlatilgan har bir kimyoviy modda inson organizmida allergik holatlarni keltirib chiqarishini qayd etdi.

«Koronavirusga qarshi kurashilayotgan bir paytda, ko‘rilayotgan har bir chora-tadbirning foydaliligi, samaradorligini o‘rganish, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Lekin profilaktika maqsadida qo‘llanadigan ayrim choralar samarasiz ekanini, qaytaga salbiy oqibatlari ko‘proqligini vaqt ko‘rsatib qo‘ymoqda.

Shunday choralardan biri dezinfeksiya tunnellaridir. Hozirda bunday tunnellar deyarli har bir tashkilot, xususan, umumiy ovqatlanish obektlari, aeroport, temir yo‘l vokzallari, bozorlar, supermarket kabi qator muassasa binolari oldida o‘rnatilgan. Hatto kirish yo‘laklarining boshqa qismlari qizil lentalar bilan o‘ralib, odamlarga shu tunnel orqali o‘tishdan boshqa yo‘l qoldirilmagan», deya qayd etiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Roziqova bunday tunnellarning inson organizmiga zararli tomonlari haqida gapirgan.

«Dezinfeksiya chorasi sifatida xlorli eritmalardan foydalanishni dunyo davlatlari tajribadan o‘tkazishdi. Amerikalik ekspertlarning ta'kidlashicha, ko‘chalarni dezinfeksiya qilish va dezinfeksiya tunnellaridan keng foydalanish ko‘proq insonlarni vahimaga tushmasligi yoki ularni tinchlantirish maqsadida amalga oshirilgan. Shuni aytish lozimki, hanuz buning samarasi isbotlanmagan», — deydi mutaxassis. 

Dezinfeksiya tunnellarida foydalaniladigan xlorli eritmalar tibbiyotda juda ko‘p yillardan beri ishlatiladi va uning inson organizmiga xatarli ta'siri juda kuchli ekani ta'kidlangan. 

Kun davomida ishlab turgan tunneldan bir kishi qayta-qayta o‘tishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligi, davomiy ishlatilgan har bir kimyoviy modda inson organizmida allergik holatlarni keltirib chiqarishi qayd etilgan.

Allergolok Ilmira Roziqova buning asoratlari o‘ta xavfli tus olib ketishidan ogohlantiradi. 

Mutaxassisning aytishicha, bu yuqori nafas yo‘llarining yengil qizarishidan to yengil kuyishgacha bo‘lgan holatlarni chaqiradi. Buning natijasida insonda allergik rinit, konyuktivit, bronxit va hatto og‘ir kasallik hisoblanuvchi – bronxial astmaga olib kelishi mumkin.

«Maktablar faoliyatini qayta tiklash masalasi o‘rtaga chiqqanda, bolalarning sog‘ligiga salbiy ta'sirlari inobatga olinib, Sog‘liqni saqlash vazirligi ta'lim muassasalari oldida dezinfeksiya tunnellarini o‘rnatish qat'iyan man etilishini ta'kidlagan edi», deyiladi vazirlik xabarida. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bunday tunnellarning samaradorligi isbotlanmaganligini bildirdi.

«Dezinfeksiya tunnellarini metro yoki boshqa muassasa binolari oldida o‘rnatilishi shart emas deb hisoblaymiz. Hozirda bunday noto‘g‘ri profilaktika ko‘z konyuktivasi va yuqori nafas a'zolarining allergik shikastlanishiga sabab bo‘lmoqda. Tunnellar o‘rniga kirish joylarida o‘zaro masofani saqlash, isitmani o‘lchash va qo‘llarga antiseptik bilan ishlov berish yo‘lga qo‘yilgani maqsadga muvofiq», deydi allergolog Ilmira Roziqova. 

Top