12:23 / 09.09.2020
4416
Korrupsiyani yengishda Yevropaga havas qilamiz, lekin qonunlarga ularchalik amal qilamizmi?

Aslida halollik va rostgo‘ylik soddadil o‘zbek millatining tarixiy hamda ma'naviy jihatlariga xos bo‘lgan azaliy fazilatlardir. Xoh dehqon, xoh ziyoli oilasi bo‘lsin, farzandini yolg‘on gapirmaslikka, birovning haqqiga xiyonat qilmaslikka o‘rgatadi.

Lekin shaxs ulg‘ayib jamiyat va davlat bilan turli munosabatlarga kirishishni boshlagach turli soxta to‘siq, qiyinchilik, mahorat bilan qonunni chetlab o‘tish, firibgarlik, poraxo‘rlik, tamagirlik kabi holatlarga duch keladi yoxud shunday holatning guvohi bo‘ladi.

Tabiiyki, har bir inson yaxshi va to‘la-to‘kis yashashni xohlaydi, shunga intiladi. Kimdir boyib ketish orqali “baxt”ga erishmoqchi bo‘lsa, yana birov “mansab” orqali yoki harom luqma yeb unga erishaman deb o‘ylaydi.

Poraxo‘rlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, uning ijtimoiy va iqtisodiy omillari talaygina.

Bizdagi ijtimoiy omillardan biri bu – mentalitetimizga xos bo‘lgan hojatbarorlik xislati, ya'ni biz yaqinlarimiz, do‘stu-tanishlarimizga “yo‘q” deyishga iymanamiz, istihola qilamiz. Gohida qilingan iltimosni noqonuniyligini bilsakda, hatto uni bajarmasakda, “xo‘p”, “men harakat qilaman” deb indamay ketaveramiz.

Har bir davlat korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘ziga xos usul va uslublardan foydalanadi, sababi jamiyatning korrupsiyani qabul qilish, huquqiy negilizm, qonunga itoatkorlik darajalari turlicha bo‘ladi.

Ko‘pchiligimiz Yevropaga havas qilamiz, u yerdagi davlat organlarining faoliyatini ma'lum qadar ilg‘or deb bilamiz. Lekin uning eng asosiy sababi mukammal qonunlar yoki rivojlangan texnologiyalar emas, balki inson omilidir.

Oddiy qilib tushuntirganda, Yevropa davlatlari aeroportlaridagi navbat bilan MDH davlatlaridagi navbatni solishtirib ko‘ring...

Yoki bo‘lmasa, o‘zimizda navbat asosida biron narsa sotilayotgan yoki xizmat ko‘rsatilayotgan (davlat xizmatlari shoxobchalari, YHXB davlat raqamini olish va h.k.) vaziyatni ko‘z oldingizga keltiring, ichingizda necha foiz inson mazkur navbatni chetlab o‘tib maqsadiga tezroq erishishni xohlamaydi?

Qachon bizda yo‘lni belgilangan joyda kesib o‘tish, navbatimiz kelishini sabr bilan kutish, jarimani yoki elektr hisoblagich ko‘rsatgan summani kamaytirish uchun kimgadir uning yarmini taklif qilmaslik hayot tarziga aylanadi? Nahotki muayyan jazo tahdidi bilangina qonunbuzarlikka qarshi kurashish mumkin bo‘lsa?

Korrupsiya faqatgina qonunga itoatkor jamiyatda rivojlana olmaydi, chunki har qanday “amaldor”ni o‘sha jamiyat tarbiyalaydi va nazorat qiladi.

Albatta, bu illatga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda.

Shu jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, o‘tgan davrda Departament korrupsiyaga bilan bog‘liq 2 335 ta jinoyat fosh etilib, budjet, davlat va jamiyat manfaatlariga 643,6 mlrd so‘mlik zarar yetkazilishi, 620 nafar tadbirkorlik sub'yektlaridan pora talab qilish, 175 ta holatda pora evaziga ishga kiritib qo‘yish hamda 173 ta holatda 524,4 gektar yer maydoni ajratib berishda ta'magirlik holatlarini aniqlagan.

Eng achinarlisi, korrupsiyaga bilan bog‘liq jinoyatlarning 591 tasi ‒ ta'lim, 426 tasi ‒ davlat boshqaruv tizimida, 247 tasi ‒ yer ajratish va qishloq xo‘jaligi, 252 tasi ‒ sog‘liqni saqlash, 162 tasi ‒ huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, 202 tasi ‒ transport, yoqilg‘i-energetika, 208 tasi ‒ bank, 247 tasi ‒ qurilish, uy-joy va boshqa sohalarda aniqlangan.

Jinoyatga qo‘l urganlarning 1 002 tasi ‒ tuman, 281 tasi ‒ viloyat va 67 tasi ‒ respublika miqyosidagi mansabdor shaxslarni tashkil etgan, shundan 16,6 foizi (389 ta) tashkilot rahbari, 37 foizi (864 ta) rahbar o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i hamda 46,3 foizi (1 082 ta) ijrochi xodimlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Lekin, bu choralar mazkur illatni butkul yo‘q qilishga yetarli bo‘lmayapti.

Biz birinchi navbatda kadrlarni emas balki mansabdor shaxslarning amalidan foydalanuvchilarni “tarbiyalashimiz” kerak. Zero, xar bir davlat xizmatchisi qonun talablarini, kasb odobnomasi, ichki tartib qoidalarni yaxshi biladi va bilishi shart.

Har qanday mansabdor shaxs korrupsion holat, ya'ni qonun-qoidalarga zid iltimoslar, kimgadir yon bosish, qaysidir masalani tezroq hal qilish, pul yoki boshqacha manfaat ko‘rish taklifi haqida yuqori turuvchi rahbariyatni yoki vakolatli davlat organini xabardor qilishi shartligi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasida ko‘rsatilgan.

Lekin qonunning mazkur normasi amalda to‘laqonli ishlayaptimi?

Amaliyot korrupsiyani keltirib chiqaruvchi mansab vakolatini suiiste'mol qilish, urug‘-aymoqchilik va tanish-bilishchilik kabi omillarni bartaraf etish uchun nostandart yondashuvlardan foydalanishni taqozo etmoqda.

Misol uchun, davlat xizmati faoliyatining barcha sohalarida “Vijdon daftari” (Iltimoslarni qayd etish kitobi) institutini joriy etish masalasini muhokamaga tashlamoqchimiz.

Albatta, barchada bir savol tug‘iladi, mansabdor “iltimosni” daftarda qayd etmasachi yoki murojaat mazmunini o‘zgartirib yozib qo‘ysachi?.. degan. Ushbu holat “sirli qo‘ng‘iroq” yoki “sirli mijoz” yordamida nazorat qilib boriladi. Ya'ni vaqti-vaqti bilan “uyushtirilgan” qo‘ng‘iroq (murojaat)ning kitobda qayd qilingan-qilinmaganligi tekshiriladi.

Albatta, bu institutni joriy etish qonunchilikka tegishli tuzatishlar kiritishni ham talab etadi. Bunda xodimning daftar yuritish to‘g‘risidagi majburiyati mehnat (xizmat) shartnomasida ko‘rsatilishi shart bo‘ladi.

Xodim murojaatni daftarga qayd etmaganligi uchun unga yil davomida ikki marotaba imkoniyat beriladi, uchinchi holat uni “kasbiga dog‘ tushirganligi” sababli ishdan bo‘shatishga va 5 yil davomida davlat xizmatida ishlay olmasligiga sabab bo‘lishi lozim.

Daftarga xodim har qanday iltimos va murojaatlarni qayd etib borishi zarur (qonuniy, noqonuniy, vakolati doirasiga kiradigan, kirmaydigan, maslahatlar va h.k.).

Mazkur amaliyot, avvalambor, davlat xizmatchisini nazorat yoki ta'qib qilishga emas, balki unga qo‘ng‘iroq qiladigan qarindosh, tanish-bilishlarni turli “iltimoslar” bilan murojaat qilishdan tiyib turishga xizmat qiladi. Chunki o‘z yaqinining taqdiriga befarq bo‘lmagan inson hech qachon ishini bitirish uchun tavakkal qilmasa kerak.

Mazkur talab lavozimidan qat'i nazar barcha darajadagi davlat xizmatchilari uchun majburiy bo‘lishi kerak. Daftarda murojaatning har qanday turi qayd etib boriladi (bevosita o‘ziga qo‘ng‘iroq yoki jonli muloqot, shuningdek qarindoshlari, turmush o‘rtog‘i orqali, farzandlari orqali qilingan murojaat, iltimoslar).

Taklif etilayotgan institut ilg‘or xorijiy davlatlarda mavjud, bo‘lmasligi mumkin. Biroq “davlat xizmatchisi etikasi” kodekslari qabul qilingan bo‘lib, shunga o‘xshash normalarni tartibga soladi.

Ma'lumot o‘rnida ba'zi xorijiy davlatlar tajribasini qayd etib o‘tmoqchimiz.

Masalan, Singapurda davlat xizmatchilarining korrupsion holatlar haqida xabar berishi qonun hujjatlarida ham amaliyotda ham mustahkamlangan. Ularga hattoki tannarxi arzimagan mayda sovg‘alarni (suvenir, esdalik va h.k.) olish mumkin emas. Har bir davlat xizmatchisi har yili daromadlar deklaratsiyasini taqdim etadi, shubha ostiga olingan daromadlar yuzasidan surishtiruv o‘tkaziladi.

Yana bir korrupsiya avj olganlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan Shvetsiya davlatida esa “daromadlar deklaratsiyasi” instituti mavjud emas, ammo soliq xizmatida barcha fuqarolarning daromadlari va xarajatlari haqida to‘liq ma'lumotlar mavjud hamda uning shaffofligi ta'minlangan. Ya'ni hech kim daromadidan yashirib birovga “pora” bera olmaydi... chunki daromadini nimaga va qancha ishlatgani hisob-kitob qilinadi.

Bosh prokuratura huzuridagi  
Departament boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari
Umidjon Muhamedov

Top