O‘zbekiston | 18:56 / 20.10.2023
7677
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlarini amalga oshirishdagi noqonuniy holatlar aniqlandi 

Davlat xaridlarda ishtirok etgan talabgorlarning hujjatlari Xarid komissiyasi a’zolari foydalangan qurilmalar (bir xil IP-manzillar) orqali elektron platformaga yuklangan. 

Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani imkoniyati cheklangan bolalar uchun 125-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab-internatining 200,5 mln so‘mlik, Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati Davlat muzeyining 245,5 mln so‘mlik hamda Surxondaryo viloyati Endokrinologiya dispanserining 313,9 mln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Bo‘stonliq tumani imkoniyati cheklangan bolalar uchun 125-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab-internati «kerakli xomashyolarni sotib olish», Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati Davlat muzeyi «mebel jihozlari xarid qilish» hamda Surxondaryo viloyat Endokrinologiya dispanseri «issiq ovqat tashkil qilish» xizmati bo‘yicha davlat xaridi o‘tkazilgan. 

Mazkur davlat xaridlari raqobat va xolislik prinsipi, manfaatlar to‘qnashuvi, xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari, ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari va davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlarga zid tarzda amalga oshirilgan. Shuningdek, ushbu xaridlarda ishtirok etgan talabgorlarning hujjatlari Xarid komissiyasi a’zolari foydalangan qurilmalar (bir xil IP-manzillar) orqali elektron platformaga yuklangan. 

Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasi bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachilarga taqdimnomalar kiritilgan va to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan. 

Agentlikning taqdimnomalariga binoan xarid komissiyalarining yuqorida o‘tkazilgan xaridlar yuzasidan rasmiylashtirilgan bayonnomalari bekor qilingan.

Mavzuga oid