16:27 / 10.09.2020
16445
Bayrut portida yirik yong‘in chiqdi. Sabablar o‘rganilmoqda

Livan poytaxti Bayrut portida ro‘y bergan kuchli portlashdan bir oydan oshiq vaqt o‘tib shaharning bu qismida yana qora tutun ustuni paydo bo‘ldi. Hozircha yong‘in sababi aniqlanmagan. Livanlik harbiylarning dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, shina saqlanadigan omborlardan birida yong‘in chiqqan bo‘lishi mumkin.

Foto: AP/TASS

Voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar va harbiylar yetib kelishgan.

«O‘t o‘chirish brigadalari yong‘in sodir bo‘lgan joyda ishlamoqda, ularga armiya vertolyotlari yordam bermoqda», deyiladi mahalliy OAV xabarida.

Dastlab Livan OAV yong‘in Duty Free hududidagi angarlardan birida boshlanganini xabar qildi. Livan Qizil Xoch jamiyati bosh direktorining aytishicha esa, yong‘in chiqindini yoqish natijasida yuzaga kelgan.

Keyinchalik Livan armiyasi yong‘in erkin bojxona zonasida motor moylari va shinalari bo‘lgan omborda chiqqanini aytdi.

Ammo guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tutun ustuni bir oy muqaddam, avgust oyi boshida Bayrutning yarmini vayron qilgan portlash markazi bo‘lgan hududda ko‘tarilgan. Bu hududda esa qandaydir biznes davom ettirishga sharoit bo‘lmagan.

Tvitter foydalanuvchilari voqea hududidan olingan videolarni sahifalariga joylashmoqda.

Katta vayrongarchilik

4 avgustdagi portlashdan keyin Bayrutdagi ayrim kvartallar shunday ko‘rinish olgan
REUTERS

4 avgust kuni ketma-ket ro‘y bergan ikkita kuchli portlash oqibatida Bayrutda 190dan oshiq kishi halok bo‘lib, 6 mingdan oshiq kishi jarohatlangandi. Portlash to‘lqini port va uning atrofidagi kvartallarni butunlay vayron qilgandi. Fojiaga portda xavfsizlik qoidalariga amal qilmasdan saqlab kelingan ammiak selitrasiga yong‘in yetib borishi sabab bo‘lgandi.

Port - import mahsulotlariga tayangan Livan iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu hodisasiz ham livanliklarning hayoti yildan yilga og‘irlashib borayotgandi. So‘nggi yillarda iqtisodiy muammolar girdobida qolgan mamlakatga qo‘shni davlat Suriyadan qochqinlar oqimi yopirilishi va koronavirus pandemiyasi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

Avgust oyidagi portlashdan keyin mamlakatda korrupsiya va hukumatga qarshi namoyishlar avj oldi. Namoyishchilar 2009 yilda parlamentda mandatlarni egallagan va mamlakatni boshqarishda katta ta'sirga ega bo‘lgan eronparast «Hizbulloh» harakati faoliyatidan norozilik bildirishmoqda.

 

Mavzu
Bayrutdagi portlash
4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutda vayronkor portlash ro‘y berdi.
Barchasi
Top