11:50 / 10.09.2020
7513
Odil Ahmedov «Shanhay SIPG»dan ketishi sababini ma'lum qildi

«Shanhay SIPG» klubidan Xitoyning boshqa bir jamoasi «Tyanszin Teda» safiga qo‘shilgan yarimhimoyachi Odil Ahmedov transfer tafsilotlari haqida Tribuna.uz saytiga ma'lum qildi.

«Shanhay SIPG»dan shartnomani bekor qilish orqali ketganim yo‘q. Shunchaki ikki jamoa o‘zaro kelishdi. Yakuniy qarorni o‘zim qabul qildim. Xabaringiz bor, jamoa yana bir legioner (avstraliyalik Aaron Muy) bilan shartnoma imzoladi. Yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun transferga rozilik berdim. 

Shartnomaning muddati borasida aniq bir javob ayta olmayman, chunki juda ko‘p bandlari bor. «Tyanszin Teda» mendan tashqari yana boshqa futbolchilarni sotib olishni va jamoani kuchaytirishni rejalashtirgan.

O‘zbekiston chempionatiga qaytish? Menimcha, hali unga ulguraman. Hozircha legioner sifatida o‘ynashga kuchim yetadi», – deydi Ahmedov.

Ma'lumot uchun, 32 yoshli o‘zbekistonlik yarimhimoyachi bu mavsumda Xitoy Superligasida 8ta o‘yinda maydonga tushib, 1ta gol va 2ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.

Bugun, 10 sentabr kuni Ahmedovning yangi jamoasi Xitoy Superligasining 10-turi doirasida «Beytszin Goan»ga qarshi maydonga tushadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 15:00 da boshlanadi.

Top