10:31 / 24.09.2020
5441
Toshkent viloyatida gaz o‘g‘irlanishi holatlari aniqlandi

"Hududgaz Toshkent" gaz ta'minoti filiali "O‘zneftgazinspeksiya" Toshkent viloyati boshqarmasi bilan birgalikda Toshkent viloyatida gaz ta'minoti tizimiga noqonuniy ulanishlarni aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazdi.

"Hududgazta'minot" AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tekshiruv davomida Yuqori Chirchiq tumani "Iyk ota" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan MChJ belgilangan qoidalarni chetlab o‘tib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, ohak ishlab chiqarayotgani aniqlandi. Korxona hududidagi 30 tonnalik to‘rtta xumdonda esa, 60ta qo‘lbola (nostandart) gorelkalar o‘rnatilgan. Mazkur MChJ va "Hududgaz Toshkent" gaz ta'minoti bo‘limi o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, 2ta bitumni eritish qozoni va to‘rt komforkali pechdan foydalanish uchun MChJning tabiiy gaz iste'moli ko‘zda tutilgan.
 
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarorining 11-bob, 125-bandiga muvofiq, qayta hisob-kitob amalga oshirildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, gaz ta'minoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 821 664 000 so‘mni tashkil etdi.

Reyd davomida yana bir shunga o‘xshash holat aniqlandi. Toshkent viloyatining Zangiota tumani, "Bog‘ishamol" MFY, Yangiobod ko‘chasida yashovchi fuqaro B.I.ning xonadoni hovlisida qayta tekshiruv o‘tkazildi. Joriy tekshiruv mazkur xonadonda to‘rtinchi marta o‘tkazilmoqda, bu fuqaro tabiiy gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib noqonuniy tarzda ohak pechlarini ishlatib kelgan.

Ushbu manzilda birinchi tekshiruv 2020 yil 18 yanvarda o‘tkazilgan bo‘lib, tekshiruv davomida uy egasiga gaz ta'minoti tizimiga noqonuniy ulanganligi uchun 214 182 000 million so‘m miqdorida zarar hisoblangan. Ikkinchi tekshirish 2020 yil 6 mart sanasida o‘tkazilgan, natijada yetkazilgan zarar 9,3 million so‘mdan oshgan. Fuqaro B.I. uchinchi marta ham tegishli ruxsatlarsiz gaz ta'minoti tizimiga ulanib olgan. 2020 yil 20 mart kuni o‘tkazilgan navbatdagi reyd natijasida, fuqaro B.I.ning noqonuniy xatti-harakatlari ortidan gaz yetkazib beruvchi tashkilotlarga jami 2,1 million so‘mdan ziyod zarar yetkazgani aniqlangan.

Bir necha marotaba gaz tarmog‘idan uzib tashlanishi va jarima to‘lovlariga qaramay, fuqaro B.I. to‘rtinchi marotaba ham ohak pechini tabiiy gaz ta'minoti tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulab oldi. Buning natijasida, gaz ta'minoti tashkilotlariga yetkazilgan zarar, hisob-kitoblarga ko‘ra, 58 406 000 so‘mni tashkil etmoqda.

Qayd etilgan qonunbuzarliklar bo‘yicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi. Respublikaning barcha hududlarida shu va shu kabi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarni aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda, deyiladi xabarda. 

Top