08:47 / 28.09.2020
3275
Qishloq xo‘jaligi vazirligidagi bosh boshqarmaning asosiy vazifalari ochiqlandi

Mamlakatda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda bozor mexanizmlarini joriy qilish, sohada davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada mustahkamlash maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi vazirligining Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi faoliyatini tashkil qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Prezidentning 2020 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta'minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4821-son qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmani rivojlantirish boshqarmasi negizida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12 ta shtat birligidan iborat Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etilgan hamda vazir o‘rinbosari - Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etilgan.

Quyidagilar Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi (ishlab chiqaruvchi) korxonalar bilan ushbu mahsulotlarni qayta ishlovchi, tayyorlovchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlar uchun sharoitlar yaratish;

mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va ularni diversifikatsiya qilish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan unumli foydalanish asosida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishning strategiya va modellarini ishlab chiqish;

oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish sohasida normativ-xuquqiy bazani takomillashtirish;

import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish va assortimentini kengaytirish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni joriy etish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, qayta ishlash korxonalari, tayyorlash va sotish tashkilotlari o‘rtasida bozor munosabatlari asosida, uning tayyorlanishi, saqlanishi, yanada chuqur qayta ishlanishi va sotilishini hisobga olgan holda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat xomashyosi harakatining zamonaviy savdo va logistika markazlarini joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki hafta muddatda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmalarida boshqaruv xodimlarining umumiy shtatlar sonidan kelib chiqib, 3-4 shtat birligidan iborat Oziq-ovqat sanoati va agrologistik markazlarni tashkil etish hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘limini tashkil etadi;

tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlarida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha 1 ta shtat birligidan iborat bosh mutaxassis ajratilishi ta'minlaydi;

Bosh boshqarmaning nizomini ishlab chiqib tasdiqlaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 20 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larni Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg‘armasiga bir oy muddatda o‘tkazib berilishini ta'minlaydi.

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatidagi tadbirkorlik sub'yektlarining tashqi savdo faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahsulot ishlab chiqarish (yetishtirish)dan tortib tashqi bozorlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan tizimni o‘z ichiga oladigan “klaster” tamoyili asosida mahsulotlar eksporti va sohadagi importni to‘g‘ri tashkil etish va xizmat ko‘rsatish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Ma'muriy-xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi ishtirokida “UzAgro-Food Trade” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish taklifi ma'qullanadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi tegishlicha Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, strategik ahamiyatga ega qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (kartoshka, bug‘doy, moyli ekinlar va boshqalar) narxi keskin o‘sishining oldini olish maqsadida zarur hollarda Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga asosan “UzAgro-Food Trade” tomonidan O‘zbekistonga import qilinadigan mahsulotlarga narxining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratilishini ta'minlaydi.

Mahalliy tadbirkorlik sub'yektlarining mahsulotlarini tashqi bozorlarda targ‘ib qilish, reklama qilish iste'molchilarga tanishtirish maqsadida “UzAgro-Food Trade” tomonidan xorijiy davlatlarda tashkil etiladigan “showroom”larning ijara va ularni saqlab turish bilan bog‘liq boshqa barcha xarajatlari, shu jumladan mahsulotlarni u joylarga yetkazish xarajatlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan to‘lab beriladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq “O‘zbekoziqovqatxolding” XKning balansidagi Toshkent shahar, Nukus ko‘chasi, 73a-uy manzilida joylashgan barcha bino va inshootlar, avtomobillar, xo‘jalik jihozlari operativ boshqaruv huquqi asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkaziladi.

“UzAgro-Food Trade” Toshkent shahar, Nukus ko‘chasi, 73a-uy manziliga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

Top