22:54 / 01.10.2020
2400
COVID-19 jahon turizm sanoatini 20 yil ortga qaytarishi mumkin - BMT

Turizm COVID-19 pandemiyasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan soha bo‘ldi. 120 million ish o‘rni xavf ostida bo‘lishi va iqtisodiy yo‘qotishlar 1 trillion dollardan oshishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Foto: Reuters

BMT Jahon turizm tashkiloti koronavirusning sohaga ta'siriga oid yangi hisobotni e'lon qildi. Unda 120 milliongacha sayyohlik ish joylari xavf ostida ekani va faqatgina 2020 yildagi iqtisodiy yo‘qotishlar 1 trillion dollardan oshishi mumkinligi aytilgan.

«Sayyohlik sohasi munosib ish o‘rinlari, barqaror daromadlar, madaniy va tabiiy merosimizni himoya qilishdagi o‘z mavqeyini tiklashi uchun uni qayta qurishimiz shart», – dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

BMT rahbari turizmni iqtisodiyotning eng muhim sohalaridan biri sifatida yuz millionlab odamlarning hayotini ta'minlovchi, iqtisodiyotni rag‘batlantirish va mamlakat farovonligini ta'minlashdagi rolini alohida ta'kidlagan.

Karantin cheklovlari barqaror emasligidan kelib chiqib, Jahon turizm tashkiloti xalqaro turizmdan keladigan tushum (ya'ni, xalqaro sayyohlar xarajatlari) joriy yilda 910 milliard dollardan 1,2 trillion dollarga tushishini taxmin qilmoqda. Bu esa jahon turizm sanoatini 20 yil ortga qaytaradi.

Top