15:58 / 06.10.2020
3308
«Mehnat migrantlari: muammo jiddiy, lekin yechim yo‘q emas» maqolasini o‘qib...
Foto: RIA Novosti

Kun.uz saytida berib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va muammolarga bag‘ishlangan maqolalarni o‘qib borar ekanman, SamISI professori, iqtisodiyot fanlari doktori M.Muhammedovning 13.09.2020 yildagi «Mehnat migrantlari: muammo jiddiy, lekin yechimi yo‘q emas...» maqolasi diqqatimni o‘ziga tortdi.

Gapning ochig‘ini aytganda, iqtisodchi olim taraqqiyotimizning eng dolzarb muammolari ro‘yxatida birinchilar qatorida turgan mehnat migratsiyasi muammosini ko‘tarishga jur'at qilib, katta mas'uliyat bilan uni yoritib berganligi menga cheksiz quvonch bag‘ishladi, unga rahmat aytgim, o‘z munosabatimni bildirgim, maqola oxirida keltirgan chaqiriqlariga javob bergim keldi.

Chunki mehnat migratsiyasi hozirgi bosqichda O‘zbekistonning ham ijtimoiy, ham iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi o‘ta dolzarb muammolardan biriga aylanib turibdi. Shu sababli ushbu maqolada iqtisodchi olim tomonidan ko‘tarilgan va chuqur tahlil etilgan mehnat migratsiyasi muammolari o‘rinli va kelajak taraqqiyotimiz uchun o‘ta ahamiyatli, deb hisoblayman.

Shunisi quvonarliki, keyingi vaqtlarda mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarga davlatimiz, shaxsan davlat rahbari, katta e'tibor qaratmoqda. 14 sentyabrda prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning imzolanishi fikrimning yorqin dalilidir.

Go‘yoki kelishilganday, olim o‘z maqolasida «...agarda davlatni mustaqillikning dastlabki benihoya og‘ir, mashaqqatli yillarida va favqulodda vaziyatlarida iqtisodiy nochor aholi qatlamlariga yordam ko‘rsatishdan ko‘ra mehnat migratsiyasi uchun eshiklarini keng ochib berganlikda ayblashga haqli bo‘lmasak-da, oradan shuncha yillar o‘tib, mehnat migratsiyasi muammosini hanuzgacha hal etmaganlikda, hozirgi kunda ham son-sanoqsiz yurtdoshlarimiz begona yurtlarda ish izlab yurganligi sabablarini bartaraf eta olmaganlikda ayblashga tom ma'noda haqlimiz», degan satrlarni bitayotgan paytda unga javob tariqasida prezident imzolagan qaror loyihasi ham ishlanayotgan bo‘lgan.

Ushbu qaror, mening nazarimda, prezident rahbarligida davlatimiz tomonidan xalq farovonligini oshirish, davlatimizning xalqaro nufuzini ko‘tarish, mamlakatni noto‘g‘ri shakllantirilgan va bizga yaxshi samara bermayotgan mehnat migratsiyasi illat va kamchiliklaridan xalos etishga qaratilgan dadil qadam.

2021 yil 1 yanvardan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish va unga asosan xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni ishga yuborishdan oldin majburiy tartibda kasb-hunarga o‘qitish va tilni o‘rgatish tizimining joriy etilishi — O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi muammosini katta aql bilan hal etishning bosh nuqtasi deb hisoblayman. Qarorda mamlakatda mehnat migratsiyasiday dolzarb muammoni hal etishning aniq mexanizmlari o‘z ifodasini topgan va uni amalga oshirish yo‘llari belgilab berilgan.

E'tiborli jihati shundaki, ushbu maqola jamiyatimizni mehnat migratsiyasining o‘tkir muammolariga befarq bo‘lmaslikka, uni yurtimiz manfaatlari ustunligini ta'minlash nuqtayi nazaridan, o‘zga mamlakatlar iqtisodiy «tegirmoniga suv quyib yurgan yurtdoshlarimiz»ni asta-sekin, bosqichma-bosqich milliy iqtisodiyotimizni yuksaltiruvchi ishlab chiqarish omiliga aylantirishga chaqiradi.

Qora mehnat uchun ishchi kuchini arzon narxlarda eksport qilish hisobidan mamlakat hech qachon boyimaydi. Rivojlangan mamlakatlar safidan munosib o‘rin olish uchun, maqola muallifi tili bilan ifodalaganda «boy va qudratli davlat» bo‘lish uchun mamlakat tayyor mahsulot holiga keltirilgan yuqori texnologiyalar asosida ishlangan ilmga sig‘imkor raqobatbardosh mahsulot eksportini tashqi tovar aylanmasining asosiy manbayiga aylantirmog‘i kerak.

Lekin bunday darajaga erishish uchun biz hozir tayyor emasmiz va bunga erishish uchun iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida hali ancha masofani bosib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Demak, hozirgi bosqichda mehnat migratsiyasi imkoniyatlaridan foydalanishga majburmiz. Biroq eksport qilinadigan ishchi kuchi malakali va yuqori sifatli bo‘lishi, faqat qimmat narxlarda sotilishi va mamlakatni boyitish g‘oyasiga xizmat qilmog‘i darkor.

Prezidentimiz tashabbusi bilan «Bir million dasturchi» loyihasining ishlab chiqilishi va ishga tushirilishi mamlakatimizda moliyaviy resurslar tanqisligi sharoitida deyarli xarajatlarsiz (masofadan uyda ishlash va yoshlarimizni og‘ir jismoniy mehnat o‘rniga yuqori ish haqi evaziga aqliy mehnat bilan oilasini boqishga o‘rgatish) ko‘plab ish o‘rinlarini yaratish va ishchi kuchining tashqi bozordagi narxini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

Malakali aqliy mehnatda (innovatsiya yoki kompyuter dasturni yaratishda) bir marta energiya sarflanadi, keyin ularni nusxalari ko‘p marta tiraj qilib sotiladi, natijada kam sarf-xarajatlar evaziga katta daromad olinadi. Oziq-ovqat xavfsizligida bu katta tejamkorlikka olib keladi.

Og‘ir jismoniy mehnatda esa har kuni katta energiya sarflanadi va oziq-ovqat isrof bo‘ladi, inson tez qariydi, umr qisqarishi mumkin. Agar miyaga 1 dollar sarflansa, u 1000 dollar bo‘lib qaytishi mumkin (Ibn Sino, Mark Tsukerberg g‘oyalari), tanaga 1 dollar sarflansa (ya'ni og‘ir jismoniy mehnat), u 20-30 dollar atrofida bo‘lib qaytadi. AQSh va Yevropa mamlakatlari bizga aqliy mehnat natijalarini tayyor mahsulot sifatida qimmat narxlarda sotadi (sababi aqliy mehnat vaqt birligida ko‘proq qiymat yaratadi), biz esa qimmatbaho tabiiy resurslarimizni va xalqimizning og‘ir jismoniy mehnatini arzon narxlarda sotamiz. Ularda bilim hajmi geometrik progressiyada ko‘payib boryapti, bizning tabiiy resurslarimiz esa kamayib borayapti (gaz, tilla, uran va hokazolar).

Yevropaliklar tabiiy resurslarni sotganlarni «Ona yurtini sotyapti», deb bejiz aytmaydilar. Bugungi yaratilgan moddiy boyliklar, buyumlar va infrastrukturalarning aksariyati — bu avvalgi aqliy mehnat natijalari.

Maqola Bandlik va mehnat vazirligi, aholi bandligi va ishsizlik muammolari bilan shug‘ullanuvchi ko‘pgina boshqa mutasaddi tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini yanada jadallashtirishning o‘ziga xos katalizatori vazifasini bajardi. Maqola e'lon qilinishi bilan Xalqaro press-klub sessiyasida O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov Rossiyadagi yurtdoshlarimiz muammolari haqida gapirdi. 16 sentyabrdagi matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sho‘'ba boshlig‘i Odiljon Komiljonov migrantlarning aqliy va ishchanlik qobiliyatini ko‘tarish zarurligini ta'kidladi.

Shu kunlarda Tashqi migratsiya agentligi tomonidan migrantlarga bepul til va kasb o‘rganish imkoniyatini yaratib berishga xizmat qiluvchi Worldskills Uzbekistan assotsiatsiyasi va Worldskills Russia ittifoqi bilan hamkorlik dasturini ishga tushirgani e'lon qilindi. Bu, o‘z navbatida, muallifning «...mehnat migrantlarini, ularning huquq va erkinliklarini qo‘llab-quvvatlash, davlat darajasida himoya qilish, ularga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatishning samarali mexanizmlari ishlab chiqilishi va keng ko‘lamda hayotga tatbiq etilishi lozim» ekanligiga urg‘u bergan fikr-mulohazalarining yaqqol ifodasidir.

Shu yilning 15 sentabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari S.Umrzoqovning Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari A.Overchuk bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham mehnat migratsiyasini tizimlashtirishning amaliy mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish va vatandosh-muhojirlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, ularning Rossiya Federatsiyasida yashash va mehnat faoliyatini olib borish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tartibga solingan tizimni joriy etish bo‘yicha kelgusida birgalikda ish olib borishning zarurligini ta'kidlab o‘tilgani muallifning vaqt bilan qanchalik hamnafas fikrlayotganidan dalolat beradi.

Bularning barchasi ushbu maqolada ilgari surilgan muammolarning naqadar hayotiy va kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifa ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Muallif tomonidan ilgari surilgan mehnat migratsiyasini cheklangan miqdorda faqat malakali ishchi kuchini eksport qilish evaziga amalga oshirish siyosatini yo‘lga qo‘yish taklifi bugungi kunda bandlik va mehnat munosabatlarini tartibga solishning muqobil yo‘li hisoblanadi.

Fikrimizcha, mehnat migrantlari sonini qisqartirish va kelgusida unga barham berish amaliyoti yetarlicha uzoq vaqt talab qiladi. Shu boisdan ham cheklangan miqdordagi ishchi kuchi migratsiyasi yoki eksportini rag‘batlantirishimiz, bunda 80/20 qoidasiga asoslangan holda 50 foiz malakasiz, 30 foiz kasbiy-malakaviy va 20 foiz oliy ma'lumotli shaxslardan iborat bo‘lishini joriy qilishimiz zarur, deb hisoblayman.

Muallifning barcha tumanlarda dastlab bitta, keyinchalik 2-3tagacha qishloq xo‘jaligi sohasida yirik-yirik davlat xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha taklifi mamlakatimizda yer resurslarida mujassamlangan ulkan salohiyatni mehnat migratsiyasining murakkab muammolarini hal etishning samarali omilaridan biriga aylantirishni nazarda tutadi.

Darhaqiqat, yer O‘zbekistonning katta boyligi, dunyoning kamdan kam mamlakatlariga shunday katta boylikka egalik qilish baxti nasib etgan. Ming afsuslar bilan tan olish kerakki, biz shunday qimmatbaho boylikdan unumli foydalana olmayapmiz.

Shu kunlarda Kun.uz saytida keng auditoriya hukmiga havola etilgan «Fermer bo‘lish yo‘lidagi «sarguzashtlarim» — denovlik yosh tadbirkor hikoyasi» nomli maqolani o‘qidim.

Maqolada katta niyatlar bilan ish boshlagan fermerning muammolarga to‘lib-toshgan ayanchli sarguzashtlari ochiq-oydin katta mahorat bilan bayon qilingan. So‘zimning isboti sifatida maqoladan yosh fermerning fermerlik harakatidan va qishloq xo‘jaligini klasterlashdan qo‘lga kiritayotgan «yutuqlarimiz»dan chiqargan yakuniy xulosasini keltirmoqchiman:

«Bizdagi fermerchilikni bitta so‘z bilan izohlaydigan bo‘lsam, «isrof» so‘zini ishlatgan bo‘lardim. Chunki yer, suv, mablag‘, insonlar umri — barchasi katta miqdorda isrof bo‘lyapti».

Oxir-oqibatda yosh fermer bor-yo‘g‘idan ayrilib, qarzga botib, Rossiyaga ish axtarib ketishga majbur bo‘lgan. Xullasi kalom, xorijda migratsiyada yurgan yurtdoshlarimiz sonini kamaytirish o‘rniga uni yana bir kishiga ko‘payishiga sabab bo‘ldi.

Toki O‘zbekistonning qimmatbaho, nodir yer resurslaridan unumli foydalanish mexanizmlarini yaratib, ishga tushirmas ekanmiz, rivojlangan mamlakatlar qatorida munosib o‘rin egallashga bo‘lgan barcha intilishlarimiz xomxayol bo‘lib qolaveradi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda yerdan unumli foydalanish va uni boyligimizning asosiy manbalaridan biriga aylantirish o‘ta dolzarb muammolardan hisoblanadi. Maqola muallifining bu boradagi takliflarini ushbu muammoni hal qilish yo‘lidagi oqilonalik tamoyillariga mos dadil qadamlardan biri sifatida qarash mumkin.

M.Muhammedovning O‘zbekistonda ta'lim sifatini keskin ko‘tarish bo‘yicha taklifi bugungi kunda ta'lim tizimida o‘z yechimini kutayotgan eng dolzarb muammo hisoblanadi. Muallifning radikal o‘zgarishlar to‘g‘risidagi taklifi 20 yil davomida ta'lim tizimining «Milliy kadrlar tayyorlash dasturi» tamoyili o‘zini oqlamaganligiga radikal o‘zgarishlar asosida bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy leksikonning bahs-munozarasiga aylangan «raqobatbardosh» kadrlar tayyorlash tamoyiliga o‘tishimiz zarurligiga da'vat qilmoqda.

Oliy ta'lim tizimiga o‘tishda test sinovlari natijalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha maktab bitiruvchilarning 72 foizi umumiy ballning 50 foizdan kam natijaga erishmoqda. Bu esa maktab ta'limining sifatsiz amalga oshirilayotganidan, maktablarda o‘qituvchilarning bilim saviyasini oshirish, ayniqsa zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olish ko‘nikmalarini rivojlantirish zarurligini hamda pedagogik ta'limning o‘zi ham radikal o‘zgarishlarga muhtoj ekanligidan dalolat beradi.

Muhtaram prezidentimiz ta'lim sifatini oshirishning ahamiyatiga alohida e'tibor qaratib: «O‘quv standart va uslublar ta'lim tizimi o‘quvchisining individual qobiliyatini ro‘yobga chiqarish nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Shunda yurtimizda yana Beruniylar va Ulug‘beklar dunyoga keladi. Men bunga albatta ishonaman», deb ta'kidladilar.

Fikrimcha, biz prezidentimiz fikrlariga amal qilib, ta'lim sifatini oshirishga doir albatta yo‘l xaritasini tuzishimiz kerak. O‘quvchilarning qobiliyatini bolaligidan rivojlantirib, uni o‘sish omillarini atroflicha tahlil qilib, tarbiyalasak va bolani qobiliyatiga mos ta'lim va kasb tanlab bersak, u albatta aqliy mehnat bilan tez boyishga qodir bo‘ladi.

Nega ta'lim tizimida o‘quvchining qobiliyatini (aql-zakovatini) oldindan aniqlab, uni har yil rivojlantirib va samarali ishlatib boy bo‘lishga o‘rgatmaymiz? Ta'lim standartlari bilan 11-15 yil o‘qitgandan keyin ham bolaning qobiliyati yuqori darajada rivojlanmayapti, ko‘p hollarda esa, aksincha, pasayib borayapti va buning oqibatida u og‘ir jismoniy mehnatga mahkum etilyapti.

Menimcha, 150dan yuqori ball bilan Yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlariga kira olmagan abituriyentlarni OTMlarning pedagogika mutaxassisliklariga jalb qilish mexanizmlarini ishlab chiqishimiz kerak. Yuqori malakali pedagoglar tayyorlash konsepsiyasi va uning yo‘l xaritasini tayyorlash kerak.

100dan kam ball bilan OTMga o‘qishga kirgan talabalarni o‘qitib, ular institutni bitirgach, maktablarda pedagoglik qilishsa, ular o‘qitgan o‘quvchilardan oliy ta'lim tizimida innovator kadrlarni tayyorlab bo‘lmaydi!

Ta'lim ochiq tizim. Uning sifatiga 50–60 foiz tashqi omillar ta'sir ko‘rsatadi: aqlli oila, aqlli mahalla, aqlli tibbiyot, aqlli jismoniy tarbiya va sifatli bilimga ega insofli, boy va ta'limga homiylik qiladigan insonlar.

Bilim sohasining pedagogika, ishlab chiqarish, texnika sohalarida o‘quv dasturlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish kun talabidir. Bugungi axborotlashgan jamiyatda ta'lim oluvchilarning bu sohadagi bilimlari ta'lim tizimida o‘qitilayotgan bilimlardan ancha ilgarilab ketgani buning yaqqol dalilidir.

Muallifning mamlakatimizda «yosh-u qari, katta-yu kichik, amaldor-u xizmatkor, barcha-barchaning asosiy diqqat-eʼtiborini ta'limga, butun kuch-g‘ayratini uni tubdan yaxshilashga yo‘naltiradigan ta'lim modelini yaratish» xususidagi taklifi menga juda yoqdi. Fikrimcha, ushbu taklifni jiddiy o‘ylashimiz, uni amaliyotga joriy qilish mexanizmlarini izlab topish to‘g‘risida bosh qotirishimiz kerak.

Zero, azal-azaldan ilmga boy xalqimiz orasida yo‘qdan bor qiladigan, qimmatbaho resurslardan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qodir iqtidorli kishilar juda ko‘p. Lekin mamlakatimizda ularning barcha yashirin imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga rag‘batlantiruvchi ta'lim tizimi shakllanmagan.

Toki xalqimizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish va uni milliy iqtisodiyotni yuksaltirishning asosiy omiliga aylantirishning samarali mexanizmlari yaratilmas ekan, iqtisodiy taraqqiyotda katta yutuqlarni qo‘lga kiritishimiz qiyin kechadi. Chunki mamlakat ravnaqi faqat qo‘lida diplomi bor mutaxassislarning soni bilan emas, eng avvalo ular bilimining sifati bilan belgilanadi. Bilim sifatini tubdan yaxshilashni ta'lim tizimi samaradorligiga baho berishning bosh mezoniga aylantirish vaqti keldi.

Saidahror G‘ulomov,
O‘zFA akademigi.

Top