Jamiyat | 17:01 / 18.09.2020
64606
25 daqiqa o‘qiladi

«Fermer bo‘lish yo‘lidagi «sarguzashtlarim» - denovlik yosh tadbirkor hikoyasi

Fermerlik - aslida sharafli, hatto ulug‘vor kasb. Dunyoning ko‘plab burchaklarida odamlar «fermer» so‘zini eshitganda etik, katakli ko‘ylak va kovboycha shlyapa kiygan, o‘z yerida bir yoki bir necha xil qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiradigan, eng asosiysi – mag‘rur, qaddini tik tutgan, o‘z qadrini biladigan insonni ko‘z oldiga keltiradi. Mag‘rur fermerning siymosi hatto kinoindustriyaning bir yo‘nalishi uchun asos qilib olingan!

Ko‘plab jamiyatlarda fermer — e'zozlanadigan, hurmatlanadigan hur inson bo‘lib, aynan uning hurriyati, ya'ni hech kim uning ishiga aralasholmasligi qishloq xo‘jaligi sohasining muvaffaqiyati garovi deb bilinadi.

Bizda-chi?

O‘zbek fermerining jamlovchi suratini chizadigan bo‘lsak, qanday qiyofa hosil bo‘ladi? Bizdagi fermerchilik manzarasining asosiy chizgilari nima? Erk, hurriyat bu manzaraning asosiy chizgilaridan birimi?

Bu savolga javob bermoqni niyat qilib yurgandim, «qahramon»ning o‘zi meni izlab, oldimga kelib qoldi.

Abduvohid Qurbonov — Denov tumani hududida yaqindagina, ikki yilcha avval fermerlikni boshlab, ammo bu orada ushbu faoliyatini tugatishga ham ulgurgan tadbirkor. Uning hikoyasi asosida biror-bir rejissyor film oladigan bo‘lganda, bu film tomoshabinni yig‘i aralash kuldiradigan tragekomediya janrida bo‘lar edi.

Balki uning ikki yillik «fermerlik amaliyoti» sohadagi mavjud holatning barcha qirralarini o‘zida jamlamas, biroq u holat qay darajada mantiqqa zid ekanini ko‘rsatib berishga qodir, deb o‘ylayman.

***

Abduvohidning hikoyasini tinglaymiz.

Tadbirkor edim. Toshkent bozorlaridan birida meva-sabzavot sotardim. Mamlakatimizda tadbirkorlikka keng imkoniyat yaratish bo‘yicha boshlangan islohotlardan ruhlanib, faoliyatimni kengaytirishga, qirralarini boyitishga qaror qildim.

Qarasam, ona shahrim Denovda ham qilinadigan ishlar ko‘p ekan. Masalan, dehqonlarni sifatli kartoshka urug‘i bilan ta'minlash sohasi achinarli ahvolda ekan. Dehqonlar kartoshka yetishtirishmoqchi bo‘lib, urug‘ sotib olmoqchi bo‘lishsa, savdogarlar ularga falon nav deb, boshqa navni pullashar ekan... Denov dehqonlari esa bilmasdan bu urug‘larni sotib olayotganlarining, bunda hech qanday javobgarlik ko‘zda tutilmasligining guvohi bo‘ldim.

Shunda mening tinib-tinchimas miyamga bir fikr keldi: «Denov hududida ozroq yer olib, chet eldan keladigan urug‘larni o‘z yerimda sinab ko‘rib, Denov dehqonlarini yaxshi urug‘lar bilan ta'minlayman, bu bilan Denov va uning atrofidagi dehqonlarning ishonchini qozonaman, o‘zim ham foyda ko‘raman, dehqonlar ham urug‘ tanlashda adashmaydi», degan reja tuzdim. Ammo bu faqat rejalarimdan biri edi, xolos.

Fermerchilik qilishdan tashqari, qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bir talay rejalarimni sekin-astalik bilan bo‘lsa-da amalga oshirish uchun xususiy korxona ham tuzishni reja qildim. Tuzdim ham.

Yer so‘rab o‘sha paytdagi Denov tumani hokimi U.Qosimovga murojaat etdim. 2018 yil fevral oyida menga paxtachilik, g‘allachilik, sabzavotchilik bilan shug‘ullanish uchun 15 gektar yer ajratildi. «Agro-Nur-Denov» fermer xo‘jaligini tashkil qildim. 7 gektar kartoshka, 5 gektar paxta, 3 gektar qalampir ekdim.

Sarguzashtlarim shundan so‘ng boshlanadi...

Avvalo, e'tiborimni tortgan bir jihat haqida aytay: paxta yetishtirish uchun klaster va fermer xo‘jaligi o‘rtasida shartnoma tuzish jarayoni qiziq kechar ekan — fermerlar yetishtirilishi kerak bo‘lgan paxta, bug‘doy, pillaning hajmi ko‘rsatilmagan shartnoma qog‘ozlariga imzo chekishar, raqamlar esa keyin «paydo bo‘lar» ekan...

Ekinlarni sug‘orish uchun suv tanqisligiga duch keldim. Bu muammodan qutulish uchun o‘z hisobimdan 30 million so‘m pul sarflab, 40 metr chuqurlikdan suv chiqardim. Nima qilay, rejalarim katta, niyatlarim ufqqa qarab cho‘zilgan edi-da...

Bundan tashqari, menga ajratilgan yer maydoni yonidan o‘tgan 300 metr uzunlikdagi zovurni kavlab, u yerga baliq chavaqlarini tashladim. Bunga ham o‘z hisobimdan 15 million so‘m sarfladim.

Urinishlarimdan xabar topdi shekilli, Denov tumani hokimi U.Qosimov menga yana 30,5 gektar tuman zaxirasidagi yerni qo‘shib berdi. Mazkur yer maydonining 18 gektari og‘ir ahvoldagi paxta bilan band edi. Ammo men yo‘q demadim — eplab ketishimga ishonar edim. Keyin, hokim aytib turganda fermer «yo‘q» deyishi uncha yaxshi ish hisoblanmas ekan.

Natijada, o‘zim yetishtirgan 5 gektar paxta rejasini 100 foiz bajargan bo‘lsam-da, menga qo‘shib berilgan maydon bilan birga hisoblaganda, paxta rejasini 50 foizga bajardim, xolos.

Keyin Vazirlar Mahkamasining 14-son qarori chiqdi (2019 yil 9 yanvarda). Bu qarorga asosan yerlar optimallashtirishga uchrashi kerak bo‘ldi. Denov tumaniga yangi hokim bo‘lgan B.Ibatov yig‘ilish o‘tkazib, faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘ygan fermerlarning yeri kengaytirilishini, yomon ish ko‘rsatgan fermerlarning yerlari olib qo‘yilishini aytdi. Barcha fermerlarga «yerini topshirishi» haqida ariza yozish kerakligi aytildi. Zero, fermer xo‘jaliklari qaytadan tuzilishi ko‘zda tutilgan edi. «Meni yerimni olib qo‘yishmaydi, axir, yaxshi ishlar qilyapman» deb o‘yladim. Chuchvarani xom sanagan ekanman...

Bir oycha o‘tib menga tegishli yer maydonlar o‘zga bir fermerga o‘tganini bildim.

Tuman hokimi qabuliga kirib, adolatsizlik bo‘lganini, yerga ancha mehnatim va shaxsiy mablag‘im singiganini, yaxshi niyat qilib o‘z hisobimdan artezian qazganimni, baliq boqish uchun hovuz barpo etganimni, qolaversa, 15 gektar yerga bug‘doy ekib qo‘yganimni, 20 gektar yerni o‘z hamyonimdan shudgor qilib qo‘yganimni aytdim. Hokim: «Siz shoshilmay turing, g‘alla o‘rilgandan so‘ng, yeringiz qaytarib beriladi», deb meni xotirjam qilib qaytarib yubordi.

G‘alla o‘rildi, ammo yerim menga qaytarib berilmadi. Hokim qabuliga kirmoqchi bo‘lib, ostonasida sarg‘aydim, ammo kirolmadim. Yerlarimning yangi egasi menga: «Oshna, kel yerni birgalikda ishlatamiz, keyinroq baribir yeringni o‘zingga berishadi», dedi. Ko‘ndim. Yelib yugurdim. Zero hokim buvaning gaplari qulog‘imda jaranglab turardi: «Siz shoshilmay turing... Yeringiz qaytarib beriladi».

2019 yil 10 dekabr kuni tuman hokimining og‘zaki topshirig‘iga asosan avvalgi yerlarim, unga qo‘shib 28 gektar, jami 74,5 gektar yer menga berildi. «Ana, adolat qaror topibdi-ku!» deysiz albatta. Shoshilmang, davomini eshiting.

Avvalo shuni aytishim kerakki, yerning 15 gektariga boshqa bir fermer («Abduhakim Choriyev» nomli f/x) tomonidan bug‘doy ekib qo‘yilgan ekan. 20,5 gektar yerga shaxsiy mablag‘imni sarflab, shartnomaga asosan qo‘shimcha bug‘doy ekdim. Bug‘doy ekilgan maydon jami 35,5 gektar bo‘ldi. 39 gektar yer maydoni esa paxta ekish uchun mo‘ljallangan edi. Ammo paxtaga mo‘ljallangan maydonning 3 gektariga avvalgi fermer piyoz ektirib qo‘ygan ekan. Tirikchilik...

Paxta yetishtirish uchun mo‘ljallangan yerning 36 gektarini o‘z hisobimdan shudgor qildim. 2020 yil 30 yanvarga kelibgina qaror chiqdi — yer rasman nomimga o‘tdi, «Agro-Taraqqiyot-Surxon» nomli f/x tashkil qilindi.

2020 yil 5 fevral kuni men va klaster o‘rtamizda shartnoma tuzildi. Raqamlar qo‘yilmagan shartnomaga qo‘l qo‘ydim, muhr bosdim...

Shu yerda meni ichingizdan so‘kayotgan bo‘lishingiz kerak: «Hoy, ahmoq, nega raqamlar qo‘yilmagan shartnomaga imzo chekasan», deb. Biroq, sizga shuni aytishim kerakki, siz faqat meni emas, ko‘plab boshqa fermerlarni ham so‘kyapsiz — deyarli barcha fermer shunaqa qiladi.

Gap shundaki, «aqllilik qiladigan» fermerlar rahbarlarning shaxsiy «qora ro‘yxatiga» tushib qolishi mumkin. Buning oqibati esa fermer uchun yomon bo‘ladi, fermerlar shundan qo‘rqishadi. «Bu tajribadan o‘tgan amaliyot» deb tushuntirishdi menga tajribali fermerlar.

Ammo bu hammasi emas...

Shartnomaga imzo chekilgandan keyin menga «falon fermerning (yerning avvalgi egasining) 60 million so‘m qarzini egningga olasan» deb qolishdi. Buni menga klaster buxgalteri aytdi. Hokimga uchrashganimda u ham tasdiqladi. Keyin bilsam, bu oddiy hol ekan — kimdir «fermer» bo‘lvolib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ajratiladigan kreditlarni «yeb qo‘yar», keyin yer undan olib qo‘yilib, qarzi bilan qo‘shib boshqa, yangi fermerga berishar ekan.

Avvaliga rozi bo‘lmay yurdim. Keyin esa «go‘rga, yerlik bo‘lyapman-ku, rejalarim amalga oshyapti-ku» deb, ko‘ndim bunga ham — uch tomonlama (ikki fermer va klaster o‘rtasida) shartnomaga asosan, men birovning qarzini bo‘ynimga oldim.

Ammo bu ham hammasi emas.

Men yerni olgan paytda ekib bo‘lingan, hatto ko‘karib ham qolgan g‘alla uchun mendan 40 million so‘m (uch tomonlama shartnomaga asosan, bu safar ikki fermer va bank orasidagi) undirildi. Holbuki, bu hajmdagi ishlarga 20 million atrofida xarajat qilinishini har qanday fermer tasdiqlashi mumkin. Bunga ham ko‘ndim — shijoatim haliyam baland edi. «Fermer bo‘lib oldim-ku, Xudo boshqa tomondan berar», dedim o‘zimga o‘zim.

Keyin g‘alla uchun ajratilgan maydonga g‘alla yetishtirish uchun ko‘zda tutiladigan davlatning imtiyozli kreditini so‘rab, uch oy yugurdim. Ammo kreditni ola olmadim — g‘allani shaxsiy mablag‘imga yetishtirdim.

Davlatga 100 tonnacha g‘alla topshirdim. Keyin bilsam, yerlarimning avvalgi egasi, mendan undirgan 40 million so‘mga qanoat qilmasdan, 9 gektar yerni takroriy ekin ekish uchun fuqarolarga ijaraga berib, pulini avvaldan olgan ekan (takroriy ekinga yer sotish fermerlar uchun oddiy amaliyot). Mazkur fuqarolar menga tegishli bo‘lgan yerlarni somoni bilan (somon ham yaxshigina pul turadi) takroriy ekin ekish uchun olib qo‘yishdi mendan... Mahalla noziridan yordam so‘radim — foyda bo‘lmadi. «Fermer»ning holini ko‘ryapsizmi?

Biroz vaqtni orqaga qaytaramiz.

Aprel oyining boshida chigit ekish boshlandi. Novatorligim tutib ketib, o‘zgacha uslubda — qo‘shqator qilib chigit ekdim. Chigit ustiga bir hafta tinimsiz yomg‘ir yog‘di. Ustidan qor... Bahor bu yil dehqon uchun og‘ir kelgani hech kimga sir emas. Yer yuzi qotib qoldi — chigit unib chiqishi juda qiyin bo‘ldi. Chigitni undirish og‘ir mehnat talab qildi. 5 gektar yerni haydab, yangitdan chigit ekishga to‘g‘ri keldi. E'tiborli jihat: negadir ekin favqulodda holatlardan sug‘urta qilinmadi.

Endi bu yog‘ini eshiting, komediya davom etadi.

Ma'lumki, paxta yetishtirish uchun fermerga kredit ajratiladi. Mazkur kredit fermerga birdaniga emas, bo‘lib-bo‘lib, oyma-oy berilar ekan. Menga bu kredit bir oy — aprel oyi uchun berildi, xolos. May oyiga kelib... to‘xtatildi. Savol: mablag‘siz men qanday qilib ishni davom etishim mumkin edi?

Shu orada mish-mish tarqaldi: mening va atrofdagi yana oltita fermerning yerlari olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan ekan... Fermerlar bir irimga qattiq ishonishadi: shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. (Qizig‘i, shu orada To‘lqin ismli tuman hokimiyatining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i aynan biz — keyinchalik faoliyati tugatilgan fermerlarning atrofida aylanib, ishimizdan rosa kamchilik izladi).

2020 yil 22 may kuni qo‘qqisdan tuman deputatlari sessiyasi yig‘ildi. Kun tartibidagi masala — 12ta fermer xo‘jaligini tugatib, yerlarni bir fermerga — «Denov oltin yerlari» fermer xo‘jaligiga o‘tkazish. Ro‘yxatga men ham tushibman.

Tuman hokimi sessiyani boshlab berdi va birozdan so‘ng majlisni mahalliy (viloyat) deputatlaridan biri — A.Narzullayevga topshirib, zalni tark etdi. Fermerlar real muammolarini — ba'zilari yangi fermer ekanligini, ob-havo noqulay kelganini, kreditlar ajratilishida muammolar bo‘layotganini aytishdi. Sessiyani boshqargan deputat go‘yo fermerlarning yonini olgan bo‘lib: «Bu fermerlarning orasida yaxshi ishlaydigan fermerlar ham bor, ikki-uch kunda tekshirib chiqamiz, yaxshi ishlagan fermerlarni tugatmaymiz», dedi. Deputatlar «bir ovozdan rozi bo‘lib», qo‘l ko‘tarishdi. Biz fermerlar esa «oldinda hali tekshiruv bor ekan», degan xulosaga borib, ko‘nglimizni to‘q qilib, majlisni tark etdik.

Keyin bilsak, shu kunning o‘zidayoq qaror qabul qilinib, 10ta fermerning faoliyati (jumladan mening ham) tugatilib, yerlarimiz «Denov oltin yerlari» fermer xo‘jaligiga olib berilgan ekan. Kayfiyatimiz tushdi, xafsalamiz pir bo‘ldi.

Komediya esa davom etardi.

Bir necha kun o‘tib, «Denov oltin yerlari» fermer xo‘jaligi rahbari A.Xojiqulov yeri olib qo‘yilgan biz — sobiq fermerlarning oldiga kelib, hozircha yerda ishlashni davom etib turishimiz kerakligini, yaxshi ishlasak, yerlarimiz o‘zimizga qaytarib berilishini aytdi... Menga esa alohida yuzlanib, «sening yering menga kerak emas, olmayman yeringni, paxtangni o‘zing o‘z hisobingdan yetishtir, faqat senga kredit bermaymiz», dedi.

Shu yerda so‘rashingiz mumkin, qanday qilib bir fermer ikkinchi fermerga «biz senga kredit bermaymiz» deyishi mumkin? Gap shundaki, janob A.Xojiqulov nafaqat fermer, balki «Surxon-Sifat-Tekstil» MChJ Denov filiali rahbari bo‘lib, kreditlarimiz taqdiri ham, qandaydir tarzda, shu kishiga bog‘liq ekan.

Shu suhbatdan keyin menda yana umid uchquni uyg‘ondi. Soddaligim qursin!...

Ertasi kuni esa dala maydoniga hokimbuva bir guruh tuman rahbarlari bilan birga tashrif buyurdilar. O‘t bosgan paxta dalamni ko‘rib, «chiroyli» so‘zlar bilan meni «taqdirladilar». Men esa, qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, kredit mablag‘idan uzib qo‘yilganimni, shu sabab yerni chopiq qilishga mablag‘im bo‘lmay qolganini, qolaversa 15 kun oldin yer mendan olib qo‘yilishini eshitib, qo‘lim ishga bormay qolganini, g‘allani o‘z hisobimdan yetishtirganimni, qarzga botib qolganimni aytdim. Hokim buva bunga javoban: «Yeringni olmaymiz, kredit ham bermaymiz, paxtangni o‘zing yetishtirasan», dedilar.

Men yana ishga sho‘ng‘idim. Bitta-yu bitta mashinam — «Jiguli»ni sotib, paxtaga ishlov berishga sarfladim. Keyin tanishlarimdan yana qarz oldim. Axiyri bor imkoniyatlarim tugab bitdi. «Surxon-Sifat-Tekstil» MChJ Denov filiali rahbari A.Xojiqulov oldiga borib, taslim bo‘lganimni, yo menga kredit ochib berib, ishni davom ettirish uchun imkoniyat berishlarini yoki yerni mendan batamom olib qo‘yishlarini so‘radim.

U kishi kimgadir qo‘ng‘iroq qildilar. Talabgor tayyor turgan ekan — zudlik bilan ikki yigit yetib keldi. Yerni shu yigitlar olib, ishlatishga «rozi bo‘lishdi». Ularning talabiga binoan, yerdan voz kechishim haqida ariza yozdim. Keyin bilsam, bo‘lajak fermer xo‘jaligi boshlig‘i dehqonchilikdan xabari yo‘q, aslida tez yordam haydovchisi ekan.

Deyarli 100 foiz o‘z hisobimdan yetishtirgan g‘allamni o‘rib, davlat hisobiga olib ketishdi. Moliyaviy tomondan o‘ta qiynalib qolganim bois, g‘alladan bo‘shagan yerning 10 gektardan oshiqrog‘ini qishloq ahliga takroriy ekin ekib olish uchun ijaraga berdim. 9 gektarini ishchilarimga takroriy ekin ekish uchun ajratdim. 9 gektar yerni esa mendan oldin ishlatgan fermer ancha avval takroriy ekin uchun ijaraga berib yuborgan, pulini ham avvaldan olib qo‘ygan ekan. 5 gektar yer bo‘sh qoldi.

«Fermerchilik tajribam»ning natijasini aytadigan bo‘lsam, 70 million so‘m paxta yetishtirish uchun o‘z hisobimdan qilgan xarajatlarim, ikkita shaxsiy T-28 traktorim (uni yangi fermer olib qo‘ydi), artezian qazish uchun sarf qilgan pullarim, baliq boqish uchun hovuz qazdirishga ketgan xarajatlarim — hammasidan ayrildim. Qo‘shimchasiga, yerlarni undan-bunga, bundan-unga o‘tkazish sababidan men ko‘rgan zarar 70 million so‘mni tashkil etdi.

Pilla haqida

Dalam atrofida bironta yaroqli tut daraxti bo‘lmasa-da, men bilan pilla boqish uchun shartnoma tuzildi. «Boqmayman», deyish esa mumkin emas — fermer pilla boqishi majburiy. Hali aytganimdek, bu holatda ham raqamlar qo‘yilmagan shartnomaga imzo chektirildi. Aprel oyida 4 quti pilla berishdi menga. Qurtlarni boqishim kerak bo‘ldi, tut bargi esa yo‘q. Tunda ko‘chaga chiqib, atrofimdagi yo‘l yoqalaridan tut barglari yulib, qurtlarimni «o‘g‘rilik» bilan boqdim... Shu yo‘l bilan pilla rejasini bajardim.

Fermer va bank orasidagi munosabatlar haqida

Bunisi ham o‘ta «qiziq» ekan. Bilamizki, bank va uning mijozi — ikkoviyam mustaqil sub'yektlar bo‘lib, ularning orasidagi munosabatlarga hech kimning aralashishga haqqi yo‘q. Ammo bu qayerdadir boshqa yerda — bizda unaqa emas ekan.

Bizda fermer va bank o‘rtasida ko‘plab — qonunda ko‘zda tutilgan va tutilmagan «omil»lar aylanib yuradi, «sharpa» bo‘lib... Va buni hamma biladi.

«Fermerchiligim»dan chiqargan xulosalarim

Avvalo, tavba qildim — boshqa fermer bo‘lmayman. Qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq nurli rejalarimni yig‘ishtirib, Rossiyaga ishlashga ketaman. Chunki bu orada bir dunyo qarz olib, qaytarib berolmadim. Odamlar eshigimni taqillatishyapti...

Katta maydonni «ol, ishla» deb senga berishsa-yu, ammo boshing uzra mingta ega bo‘lsa, tinch ishlashga imkon berishmasa, buning ustiga, yumshoq qilib aytganda, tartibsizlik hukm sursa, ishlab bo‘ladimi?

Bizdagi fermerchilikni bitta so‘z bilan izohlaydigan bo‘lsam, «isrof» so‘zini ishlatgan bo‘lardim. Chunki yer, suv, mablag‘, insonlar umri — barchasi katta miqdorda isrof bo‘lyapti.

Nega kerak bunaqa tizim — tushunmadim.

Bizning sharoitda aholisi zich hududlarda qishloq yigitiga 100, 50 emas, 2-3 gektar yer berilsa-yu, ustida «nazoratchilar» turmasa, yerga nima ekishni o‘zi hal qilsa, sanoqli yillarda u oyog‘ida mustahkam turadigan kichik tadbirkorga aylanadi.

* * *

Maqola avvalida aytganimizdek, fermerning hurriyati butun dunyoda qishloq xo‘jaligi muvaffaqiyati garovi sanaladi. Qaddi tik, qadri baland fermerlar dunyoni boqishyapti. Ular har bir qarich yerni qadrlashyapti. Zero, yer qadri inson qadri bilan chambarchas bog‘liq narsalar — o‘z qadrini bilmagan yer qadrini bilarmidi? Bizda esa yerlar xor, chunki fermerlarning holi o‘sha — ikki yil fermerlik qilib, ko‘ngli sovugan Abduvohidning hikoyasidagidek.

Izoh so‘rab, Denov tumani hokimi bilan bog‘landik. Hokimlik bergan ma'lumotnomada «2020 yil paxta hosili uchun 39,0 gektar maydondan 136,8 tonna paxta xomashyosi yetishtirib berish yuzasidan «Agro-Taraqqiyot-Surxon» fermer xo‘jaligi bilan «Surxon-Sifat-Tekstil» MChJ Denov filiali o‘rtasida 2020 yil 6 fevraldagi 245-sonli shartnoma tuzilgani, klaster tomonidan shartnomaga asosan «Agro-Taraqqiyot-Surxon» fermer xo‘jaligiga 21 may holatiga ko‘ra paxta xomashyosi yetishtirish uchun 20 866 000 so‘mlik dizel yonilg‘isi, 41 920 000 so‘mlik mineral o‘g‘it va ximikatlar, 5 300 000 so‘mlik boshqa moddiy boyliklar, 48 128 804 so‘mlik urug‘lik – jami 140 781 271 so‘mlik tovar moddiy boyliklari berilgani, ammo, fermer xo‘jaligi tomonidan chigit ekilishi rejalashtirilgan maydonga rejasiz piyoz ekini ekilgani, bundan tashqari, mavjud g‘o‘za maydonlari chopiq qilinmagani, g‘o‘za yagonasi chala qilingani, maydon va dala chetlari begona o‘tdan tozalanmagani holatlari aniqlangani» aytiladi.

«Ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida»gi PF-5780-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yi 12 dekabrdagi «2020 yilda g‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirish va paxta xomashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida»gi 985-sonli qaroriga asosan, A.Qurbonov boshchiligidagi fermer xo‘jaligida kamchiliklar davom etgani uchun ushbu masala halq deputatlari tuman Kengashining 2020 yil 22 maydagi (44/9-06 sonli) sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Natijalariga ko‘ra, fermer xo‘jaligi bilan tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilinib, yer tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olingan.

Qishloq xo‘jaligi ekinlariga agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishini kechiktirmaslik maqsadida, tuman hokimining 2020 yil 26 iyundagi 568-sonli qarori bilan fuqaro Rustamov Farruxga fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun jami 75,7 gektar yer maydoni ajratib berilgan.

Yangidan tashkil etilgan fermer xo‘jaligi boshlig‘i F.Rustamov tomonidan paxta yetishtirish uchun qilingan xarajatlar uch tomonlama shartnoma asosida o‘z zimmasiga olish uchun A.Qurbonov («Agro-Taraqqiyot-Surxon» fermer ho‘jaligi boshlig‘i)ga imzo va muhrini bosib tasdiqlab berish so‘ralganda har xil vajlar bilan ushbu taklifni rad etib kelayotgani ma'lum bo‘ldi», deyiladi Denov tumani hokimligi bergan ma'lumotnomada.

Biroq nega kerakli paytda fermer kredit ta'minotidan uzib qo‘yilganini so‘raganimizda, hokimiyat mas'ulidan qoniqarli javob ololmadik.

Abduvohid Qurbonov bilan birga boshqa — 22 may kungi sessiyadan keyin faoliyati tugatilgan, ammo noaniqlik sabab hamon yerida ishlab turgan fermerlar: Bahrom Saidov, Ikrom Toshboyev, Ikrom Saidov, Abbos Tursunov, Muzaffar Qamchiyev, Faxriddin Kenjayev hamda 22 may kuni o‘tgan sessiyada ishtirok etgan Sh.Rashidov SIU sobiq raisi To‘ra Rahmatov va Oxunboboyev SIU sobiq rahbari Ne'mat Mengniyozovlar bilan bog‘landik. Ular Abduvohid Qurbonov aytganlarini tasdiqlab, sessiya «hali ko‘rib chiqamiz» degan gaplar bilan yakunlanib, keyin fermerlarning ziddiga qaror chiqib ketganini, 2020 bahorida ob-havo noqulay kelgani, fermerlar kreditlar bilan yetarlicha ta'minlanmagani, shu sabab agrotexnik tadbirlarni o‘z hamyonlaridan amalga oshirganliklari hisobga olinmasdan faoliyatlari tugatilganini gapirib berishdi.

Klaster rahbari A.Hojiqulov bilan bog‘lanishning esa imkoni bo‘lmadi.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid