16:16 / 06.10.2020
3075
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi «Oltin daftar»iga kiritilgan vatandoshlar soni yuzdan oshdi

Ma'lum qilinishicha, ular tomonidan O‘zbekistonga kiritilishi kutilayotgan investitsiyalar hajmi qariyb 14 mln dollarni tashkil etadi.

Foto: dunyo.info

O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi vakillari chet elda mehnat qilayotgan vatandoshlarning imkoniyatlaridan foydalanish tashabbusi doirasida Kodjye shahriga safar qildi.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Kodjye shahrida joylashgan «Samsung» va «Daewoo» kompaniyalarining kemasozlik zavodlarida 500ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassis ishlaydi. Shahardagi kasb-hunar kollejida esa 40ga yaqin vatandosh tahsil olmoqda.

Elchixona vakillari O‘zbekistonda biznes loyihalarni amalga oshirish, bu bilan yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish niyatida bo‘lgan bir guruh vatandoshlar bilan uchrashgan.

Tadbirda O‘zbekiston prezidenti 17 avgustda o‘tkazgan yig‘ilish, unda chet elda ishlayotgan yurtdoshlar uchun munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash, O‘zbekistonga kelib biznes boshlashni rejalashtirganlar uchun imtiyozlar berish masalalari ko‘rib chiqilgani haqida ma'lumot berilgan.

«Uchrashuvda 8 nafar vatandoshimiz O‘zbekistonda o‘z loyihalarini amalga oshirish uchun 600 ming dollar miqdorida sarmoya kiritish bo‘yicha taklif bildirdi.

Shunday qilib, O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi «Oltin daftari»ga kiritilgan vatandoshlar safi 100 kishidan oshdi. Ular tomonidan jalb qilinadigan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 14 million dollarni tashkil etmoqda», – deyiladi xabarda.

Top