10:29 / 06.10.2020
46632
Qirg‘iziston prezidenti bayonot bilan chiqdi

Qirg‘iziston prezidenti siyosiy partiyalar rahbarlarini o‘z tarafdorlarini tinchlantirishga va ularni yig‘ilgan joylaridan olib ketishga chaqirdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatdagi siyosiy vaziyat to‘g‘risida bayonot berdi. Mamlakatda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan qirg‘izistonliklar namoyishga chiqishgan.

Quyida prezidentning murojaati tarjima qilingan holda keltiriladi:

«Aziz vatandoshlar! Kecha ba'zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga urinishdi.

Saylov natijalarini bahona qilib, ular jamoat tartibini buzdi. Ular shahar aholisining tinch hayotini buzdi.

Bu shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga bo‘ysunmadi, shifokorlarni kaltakladi va binolarga zarar yetkazdi. Men huquqni muhofaza qilish idoralariga bir nafar ham fuqaroning hayotiga xavf tug‘dirmaslik uchun o‘t ochmaslik yoki qon to‘kmaslik haqida buyruq berdim. Hozircha vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rdik.

Davlatdagi tinchlik, jamiyat barqarorligi har qanday deputatlik mandatidan ham qadrlidir. Men Markaziy saylov komissiyasiga qonun buzilishlarini sinchkovlik bilan tekshirishni va agar kerak bo‘lsa, saylov natijalarini bekor qilishni taklif qildim.

Men siyosiy partiyalar rahbarlarini o‘z tarafdorlarini tinchlantirishga va ularni o‘zlari yig‘ilgan joylardan olib ketishga chaqiraman. Barcha yurtdoshlarimni tinchlikni saqlashga va provokatsion kuchlarning chaqiriqlariga berilmaslikka chaqiraman. Mamlakatimiz tinchligi va jamiyatimiz xavfsizligi eng muhim narsadir. Men barcha kuchlarni mamlakat taqdirini siyosiy ambitsiyalardan ustun qo‘yishga va huquqiy maydonga qaytishga chaqiraman», - deyiladi murojaatda.

Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlarida davomat 56,5 foizni tashkil qilgan va u o‘tkazilgan deb topilgandi. Saylov natijalariga ko‘ra, faqat «Birimdik», «Mekenim Kirgizstan», «Kirgizstan» va «Butun Kirgizstan» partiyalari yetarli ovoz to‘play olgan. Saylovda qatnashgan 12 partiyadan 11 tasi natijalarni tan olmagan. Hukmron «Birimdik» partiyasi esa qayta saylovlar o‘tkazishga rozi bo‘lgan.

Shundan so‘ng, Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda parlament saylovi natijalaridan norozi bo‘lib namoyishga chiqqanlar mamlakat parlamenti binosiga hujum uyushtirishdi.

O‘z navbatida, Jeenbekov matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyevaning ta'kidlashicha, prezident yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olib, Markaziy saylov komissiyasiga saylovlarda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar bilan bog‘liq materiallarni batafsil o‘rganib chiqishni va lozim topsa, saylovlar natijalarini bekor qilishni tavsiya qilgan.

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Top