13:00 / 08.10.2020
9113

Dublyaj aktyori, professor Arsen Ismoilov olamdan o‘tdi

Professor, dublyaj aktyori, respublikadagi ko‘plab taniqli aktyor va aktrisalar ustozi Arsen Ismoilov 83 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Arsen Ismoilov O‘zbekistonda Sahna harakati va jangi fani asoschisi, shuningdek, Sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi asoschisidir. U 60 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida faoliyat olib bordi, bu davrda Markaziy Osiyodagi barcha respublikalarda ko‘plab shogirdlar yetkazdi.

Arsen Ismoilov O‘zbekiston teatr va kino san'ati rivoji ayniqsa, jahon klassik asarlarini sahnalashtirishda qilichbozlik, sahna harakati, plastika kabi predmetlarni fan darajasiga olib chiqishda ulkan hissa qo‘shdi.

U postanovkachi rejissyor sifatida 10ga yaqin spektakllarni O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Qirg‘iziston teatrlarida sahnalashtirdi. Bundan tashqari, 100dan ortiq dramatik postanovkalarda qatnashgan, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida bugungi kunga qadar mingdan ortiq rollarga ovoz bergan va o‘zi ham ijro etgan.

Arsen Ismoilov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, ” Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy        unvonlari bilan taqdirlandi.

Top