11:50 / 10.10.2020
3691
9 oy davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valuta hajmi 4,3 mlrd dollarni tashkil etdi

2020 yilning 9 oyi davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valuta mablag‘lari hajmi 4,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma'lumotida aytilgan.

Sentabr oyida pul o‘tkazmalari miqdori 638 mln. dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga oshgan. Bu o‘z navbatida, xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining muvozanatlashib borayotganligidan dalolat berishi aytiladi.

Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valutasi miqdori 3,2 mlrd. dollarni tashkil etib, ayni paytda ular tomonidan 2,9 mlrd. dollar sotib olindi.

“Hozirgi kunda jismoniy shaxslar bilan valuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari kassalarida naqd xorijiy valuta qoldig‘i 480-550 mln. dollar miqdorida bo‘lishi ta'minlanmoqda”, - deyiladi ma'lumotda. 

Markaziy bank muntazam ravishda tijorat banklari taqdimnomalariga asosan ushbu operatsiyalar uchun yana qo‘shimcha xorijiy valuta bilan ta'minlab kelayotgani bildirilgan.

Top