22:23 / 10.10.2020
15644
Shomurodov «Jyenoa»ning eng ko‘p maosh oluvchi ikkinchi futbolchisi bo‘ldi

Italiya A Seriyasi klublari safida to‘p surayotgan futbolchilarning yillik qancha maosh olishi haqidagi ma'lumotlar e'lon qilindi.

Foto: Genoa CFC

La Gazetta della Sport’ning yozishicha, «Jyenoa» klubi safiga o‘tgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov klubdagi eng ko‘p maaosh oluvchi ikkinchi futbolchidir. Genuya klubida xorvatiyalik yarimhimoyachi Milan Badel yillik 1,4 million yevro maosh bilan eng ko‘p haq oladigan futbolchi bo‘lsa, 2-o‘rindan 1,3 million yevro maosh bilan Eldor Shomurodov va Davide Dzappakosta joy olgan.

Shuningdek, «Jyenoa» safida Krishito, Sturaro, Zapata singari futbolchilar 1,2 million yevro maoshga ega. Qolgan futbolchilarning yillik maoshi millionga yetmaydi.

E'tiborlisi, Eldor Shomurodov 1,3 million yevro maosh bilan «Sampdoriya»ning italiyalik to‘purari Fabio Kvalyarella (1,2 mln), «Milan»ning daniyalik himoyachisi Simon Ker (1,2 mln), Diogu Dalot (1 mln), «Torino» himoyachisi Kristian Ansaldi (1 mln), «Atalanta» yarimhimoyachisi Ruslan Malinovskiy (1 mln), «Sampdoriya» hujumchisi Manolo Gabbyadini (1 mln), himoyachi Maya Yoshida (1 mln) singari futbolchilarni ortda qoldirgan. Reytingda «Yuventus» afsonasi Janluiji Buffon 1,5 million yevro maosh bilan Shomurodovni ortda qoldirmoqda.

Italiya A Seriyasida eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar ro‘yxatini Krishtianu Ronaldu boshqarmoqda. Portugaliyalik forvardning yillik maoshi 31 million yevroni tashkil etadi. 

Shuningdek, bu boradagi top-10talikdan Matteys de Ligt (8 mln), Romelu Lukaku (7,5 mln), Edin Jyeko (7,5 mln), Kristian Eriksen (7,5 mln), Paulo Dibala (7,3 mln), Zlatan Ibrahimovich (7 mln), Aleksis Sanches (7 mln), Adriyen Rabo (7 mln) va Aaron Remzi (7 mln) singari futbolchilar joy olgan.

Top