11:23 / 15.10.2020
5203

Senat qo‘mitasi raisi: «Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik lozim»

Joriy yil 8 oktabr kuni Moliya vazirligi tomonidan muhokama uchun e'lon qilingan prezidentning “Yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinib, turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning yozishicha, yashirin iqtisodiyot turli shakllarda namoyon bo‘lishi va mamlakatda uning darajasi yuqoriligicha qolayotganligi hech kimga sir emas. Buni mamlakatning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnidan ham ko‘rsa bo‘ladi. Xususan, ushbu reytingda respublika 186 mamlakat orasida 114-o‘rinni egallaydi.

“Albatta, so‘nggi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Prezident Farmoni loyihasi ham ushbu islohotlarning davomi sifatida ezgu maqsadlarni nazarda tutishi shubhasiz.

Biroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik lozim. Aks holda oldimizga qo‘yilgan maqsadlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin”, - deb yozadi Erkin Gadoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, farmon loyihasi yuzasidan soha mutaxassislari, ekspertlari, ilmiy doira vakillari, jurnalist va blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankka o‘z takliflarini kiritdi.

“O‘ylaymizki, mas'ul vazirlik va idoralar jamoatchilik fikrini e'tiborga olib, ushbu Farmon loyihasini qayta ko‘rib chiqadi”, - deydi Senat qo‘mitasi raisi.

Top