Ayrim turdagi to‘lovlarni naqd pulda amalga oshirish to‘xtatilishi mumkin
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi YaIMga nisbatan 25-45 foizgacha yetishi mumkin, deya ma’lum qildi iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov. Uning Senat yalpi majlisida aytishicha, ba’zi to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali amalga oshirish amaliyotini joriy qilish yuzasidan hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25 foizdan 45 foizgacha yetishi mumkin. Bu haqda Senatning 48-yalpi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
“Bu juda ham yuqori ko‘rsatkich. Qaysi tarmoqlarda yashirin iqtisodiyot eng yuqori deb aytadigan bo‘lsak, bular: qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish sohalari. Prezident administratsiyasi bilan birgalikda qaror loyihasini tayyorlayapmiz. Loyiha ancha yaqinlashib qoldi. Ko‘p masalalar bu yerda nazarda tutilyapti. Jumladan, naqd pul aylanmasini kamaytirish. Bu eskicha ma’noda emas. Ba’zi to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash va boshqa masalalar qonun loyihasida bor”, dedi u.
Senat raisi Tanzila Norboyeva bu masalani ijobiy hal qilish, yaxshi tizimlashtirish lozimligini, jumladan, Savdo-sanoat palatasi uchun ham tavsiyalar belgilanishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, to‘liq naqdsiz to‘lovlarga o‘tishni uy-joy va avtomobil savdosidan boshlash kerak.
“To‘liq naqdsiz hisob-kitoblarga birinchi navbatda o‘tilishi kerak bo‘lgan iqtisodiy segmentlar bu uy-joy va avtomobil savdosiga oid bo‘lishi kerak (birlamchi bozor ham, ikkilamchi bozor ham). Eng katta dollarlashuv jarayoni ham shu kulrang sektorni egallab olgan”, deya yozdi iqtisodchi.
Avvalroq, Soliq qo‘mitasi mamlakatda 42 foizlik yashirin iqtisodiyot mavjudligi haqida ma’lum qilgandi. O‘zLiDeP partiyasining oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida esa bu miqdor 32 mlrd dollar yoki YaIMning qariyb 40 foizini tashkil etishi aytib o‘tilgandi.
Mavzuga oid
17:53 / 24.08.2024
AQShning sanksiyalar siyosati global yashirin iqtisodiyotni yaratdi - WSJ
18:08 / 15.08.2024
Agar bank kartangiz paroli quyidagilardan biri bo‘lsa, uni o‘zgartiring - mutaxassis maslahatlari
19:10 / 15.07.2024
Joriy yilning dastlabki 6 oyida muomalaga qo‘shimcha 4,1 trln so‘m naqd pullar chiqarilgan
14:16 / 03.06.2024