20:46 / 16.10.2020
53000
«Biz 2019 yilda 2,6 trillion so‘m sof foyda ko‘rdik». Rasul Kusherbayevning boj masalasidagi taklifiga «UzAuto Motors» munosabat bildirdi

«UzAuto Motors» AJ huquqshunosi Rustam Shaymardonov Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevni sud jarayoniga aralashganlikda aybladi. Uning aytishicha, Kusherbayev reyting to‘plash va jamoatchilik kayfiyatini sun'iy ravishda buzishga uringan.

Foto: UzAuto Motors

16 oktabr kuni «UzAuto Motors» saytida deputat Rasul Kusherbayevning boj masalasida ish olib borayotgani haqidagi fikriga kompaniyaning rasmiy munosabati e'lon qilindi.

«Deputat Kusherbayev o‘z intervyusida, uning «UzAuto Motors»ga qarshi kurashidan maqsadi — avtomobillar importiga qo‘yilgan bojxona to‘lovlarini pasaytirish ekanligini e'lon qildi. Ehtimol, bu hurmatli Rasul Xidiraliyevichni hayron qoldirar, lekin bojxona to‘lovlari stavkasini aslo bizning kompaniyamiz belgilamaydi. Aksincha, 2018 yilda yangilangan kompaniya rahbariyati o‘tgan muddat davomida korxonaning bu omilga bog‘liqligini bartaraf etish uchun qo‘ldan kelgan barcha choralarni ko‘rdi», — deb kompaniya yuridik boshqarmasi boshlig‘i Rustam Shaymardonov so‘zlari keltirilgan munosabatda.

Shaymardonovning qayd etishicha, 2019 yilda «UzAuto Motors»ning sof foydasi 2,6 trillion so‘mga yetdi.

«Holbuki, 2016 – 2017 yillarda gap 4,8 trillion so‘m zarar haqida borardi. Biroq deputat Kusherbayev va uning ayrim hamkasblari, yaqqol faktlarni inkor qilib, zavodga davlat tomonidan berilayotgan afsonaviy subsidiyalar haqida ta'kidlaydi. Voqelik butkul o‘zgacha: «UzAuto Motors» g‘aznaga trillionlab soliq-u dividendlar to‘laydi, respublikadagi eng yirik soliq to‘lovchilaridan biri sanaladi. Hatto karantin davrida, ko‘plab tashkilotlar davlatdan yordam so‘ragan bir paytda, biz budjetdan bir tiyin ham olmadik, shuningdek, har bir ishchi o‘rnini saqlab qoldik. Nima bo‘lganda ham, bojxona bojlari stavkasi – bu kompaniyamiz jamoasining emas, balki parlament a'zolarining ishlaridir, shu sababli deputatning alangali da'volari, avvalo, o‘zlariga qaratilishi lozim.

Keyin Rasul Xidiraliyevich kompaniyamiz «har qanday ishga ta'sir ko‘rsatish uchun yetarlicha kuchli» deya e'lon qildi. Agar gap bizda dalillar bazasi kuchliligi va yuridik mavqeimiz ham puxtaroq ekanligi haqida bo‘lsa, biz buni kutilmagan, lekin yoqimli maqtov o‘laroq qabul qilamiz. Ammo deputat o‘z so‘zlariga o‘zgacha, lobbizm va sud jarayonlari ishtirokchilari o‘rtasidagi noqonuniy munosabatlarga daxldor ma'no berayotgan bo‘lsa, men u insonga fikrlarini aniqroq ifodalashni tavsiya qilardim, toki har bir so‘ziga huquqiy jihatdan qat'iy baho berish imkoni bo‘lsin.

Butun intervyuning leytmotivi (kichik maqsadi – tahr.) deputat «UzAuto Motorsga qarshi kurashda to‘xtash niyatida emasligi»ni e'lon qilishdan iborat», — degan Shaymardonov.

Avvalroq, Kusherbayevning 12 oktabr kuni e'lon qilingan intervyusida xorijiy avtomobillarga boj stavkasini pasaytirish taklifi haqida aytgani xabar qilingandi.

16 oktabr kuni «UzAuto Motors»ning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarori ustidan sudga kiritgan shikoyati bo‘yicha sud ishi davom ettirildi.

Top