11:30 / 19.10.2020
18624

Faqat bir bolasi bemor bo‘lgan onalarga havas qilaman...

Kuzning ezgin kayfiyati bu shifoxonada yil bo‘yi davom etadi. Poytaxtdagi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida shifo umidida davolanayotgan bolalar ko‘zlaridagi mung, ota-onalarning yordamga cho‘zilgan qo‘llarga boladek yopishishi... Kuzatuvchini beixtiyor o‘yga toldiradi.

Fotima-Zuhralarning Fotimasi dardga chalingan

Bugungi qahramonlarimizdan dastlabkisi 20 yoshli Maqsudova Fotimaxon Muzaffar qizi Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidan. Biz bilan onasi Aziza opa Azizova suhbatlashdi.

– Albatta, har bir ona uchun farzandi aziz. Lekin mening qizlarim Fotima-Zuhra bo‘lishgani uchun Zuhra qizim egizak opasiga juda kuyikadi. Kichik qizim opasisiz hayotini tasavvur qila olmaydi, o‘zi yosh bo‘lishiga qaramay Fotima uchun yelib yuguradi.

Opa-singillar suhbatlashganlaridan so‘ng kichigim bir chekkaga o‘tib yig‘laganlarini ko‘rib chidolmay ketaman. Qizim 9 oydirki shu dard bilan olishadi. Sakkizta kimyoterapiya belgilangandi, oltitasini o‘tkazdik, yolg‘iz o‘zimman kuchim qolmadi. Yaxshi insonlardan ko‘mak so‘rashga majburman, – deydi ona ham ko‘z yosh to‘kib.

Fotimaxon Maqsudovaga oid ma'lumotlar:

UzCard: 8600 0423 4690 7172 (Agrobank, onasi Aziza Azizova nomida)

Visa: 4187 8200 0010 5187 (tanishi Dilfuza Ochildiyeva nomida)

Sberbank: 4817 7601 2791 8153 (tanishi Zaynura G‘oyibova nomida)

Telefon raqami: +998901343175 (onasi)

Muhammadaziz saxiy insonlarni kutmoqda

Keyingi bemorimiz Muhammadaziz Dilshodbekov andijonlik. 8 yoshli bolakay 2019 yilning may oyidan beri oqqon kasalligi bilan kurashmoqda.

– Bolam kasal bo‘lgani uchun men ham musofir bo‘lib qoldim. O‘g‘lim shifoxona ichida, men bir necha nafar otalar qatorida tashqarida aylanib yuraman. Ba'zan sovuqda, ba'zan jazirama issiqda qolaman. Lekin bir qadam ham uzoqlasha olmayman. Bu qanday dard ekanki bolang ko‘z o‘ngingda azoblanib tursayu, sen nima qilishni bilmasang, – deydi biz bilan suhbatda Muhammadazizning otasi Sherzodbek Yusupov.

— Shukrki yaxshi insonlar bor, ko‘mak berishadi, atrofda o‘zim kabi tashvishli otalar bor, dalda bo‘lishadi. Lekin bir dard bilan yillab olishsang istasang-istamasang bor-budingni sarflab tugatarkansan. Dorixonalar oldidan o‘tishga xijolat bo‘lib qoldim. Bolamning kasalligi qaytalanib qolgandan keyin yordam so‘rashga majbur bo‘ldim, meni ham noumid qilmanglar, – dedi so‘zlarini tugatdi Sherzodbek.

Muhammadaziz Dilshodbekovga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0423 1866 9271 (Agrobank, otasi Sherzodbek Yusupov nomida)

Humo: 9860 0301 0177 6539

Visa: 4097 8211 0070 8465 (otasi Sherzodbek Yusupov nomida)

Sberbank: 5469 4000 3937 4272 (tog‘asi Azizbek Rahimov nomida)

Paynet uchun: +998990072658

Telefon raqami: +998990072658 (otasi), +998902118183 (onasi)

Bitta bolasi kasal bo‘lgan onalarga havas qilaman...

Mo‘minxo‘ja 10 yoshda, Mahmudxo‘ja 3 yoshda. Aka-uka Eshonovlar “Gemofiliya” kasalligiga chalinishgan va muntazam davolanishga majburlar. Onasi Nargiza Eshonova bilan suhbatimiz juda tushkun kayfiyatda o‘tdi.

– O‘g‘illarimdan bittasida shu dard bo‘lsa menga bunchalik og‘ir bo‘lmasdi. Hayron qolarsiz, bitta bolasi kasal bo‘lgan onalarga havas qilaman, nima qilay, vaziyatim shunaqa mening.

Ikki bolam ham bir xil dard bilan olishadi va har ikkisi ham muntazam davolanishga muhtoj. O‘zimizning uy-joyimiz ham yo‘q, ijarada yashaymiz. Judayam, judayam qiyin vaziyatda qolganmiz. Mahmudxo‘ja o‘g‘lim 16 oktabr – tug‘ilgan kunini ham shifoxona shiftiga tikilib o‘tkazdi, – deydi yig‘lab onaizor.

Aka-uka Eshonovlarga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 9857 4454 (Xalq banki, onasi Nargiza Eshonova nomida)

Humo: 9860 0303 7896 5849 (otasi Mansur Eshonov nomida)

Sberbank: 5336690165995525 (tanishi Soliha Abdusamatova nomida)

Visa: 4231 2000 0080 1893 (onasi Nargiza Eshonova nomida)

Telefon raqami: +998912050818 (onasi)

Mirzag‘olib dard ustidan g‘olib bo‘ladi!

So‘nggi bemor bolajonimiz Mirzag‘olib Saidmurodov Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidan kelgan. 6 yoshli Mirzag‘olib 2019 yil sentabr oyidan buyon oqqon kasalligiga qarshi davolanmoqda.

– Bolamning dardi bilan kurashib, turmush o‘rtog‘im ham kasallikka chalinib qoldi. Bechora erim jigari og‘rishiga qaramay kunlik ishga chiqib dori-darmonga pul topadi. Kasallik aniqlangandan buyon Toshkent shahrida ijarada yashaymiz. O‘zi qishloq sharoitida og‘ir ahvolda yashab kelayotgan edik. Buning ustiga bizni bu kasallik ham ancha qiynab qo‘ydi. Yaxshi insonlarning ko‘magi bizga ko‘p asqotgan, saxovatlariga ishonib ularga yuzlanamiz, – deydi Mirzag‘olibning onasi Zuhra Hamavova.

Mirzag‘olib Saidmurodovga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 2497 3002 (Xalq banki, onasi Zuhra Hamavova nomida)

Visa: 4097 8311 0064 7159 (qarindoshi Bahrom Xudoyberganov nomida)

Sberbank+Viza: 4276 1200 1139 5337 (tanishi Abror Karimov nomida)

Telefon raqami: +998996437183

Saxovatpesha yurtdoshlar! Bu murg‘ak qalblarning ham hayotdan umidlari ko‘p. Ularning ota-onalari ham xursand yashashga haqli. Bizga ozgina mablag‘ va duolarimiz ular uchun katta dalda bo‘ladi. Savob zaxira qilishning ayni vaqti!

Abror Zohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top