11:11 / 21.10.2020
5328
General-mayor Bahodir Qurbonov va general Kennet Makkenzi harbiy hamkorlikni rivojlantirish masalasini muhokama qildi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Kennet Makkenzi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida bo‘ldi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov va AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Kennet Makkenzi ikki mamlakat o‘rtasida harbiy hamda harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy munosabatlar yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi. 

Uchrashuv davomida mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi, deyiladi xabarda.

Shu kuni delegatsiya a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ham bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 

Mehmonlarga ushbu oliy harbiy ta'lim muassasasida leytenantlar tayyorlash, ofitserlar malakasini oshirish, Qurolli Kuchlar tizimi uchun qo‘mondonlik tarkibiga mansub ofitserlarni qayta tayyorlash ishlarining borishi xususida atroflicha ma'lumotlar berildi. 

Delegatsiya a'zolari Qurolli Kuchlar akademiyasi tinglovchilarining Amerika Qo‘shma Shtatlari professor-o‘qituvchilari bilan onlayn tarzda olib borayotgan o‘quv mashg‘ulotlarini kuzatdi.

Top