22:03 / 27.10.2020
7007
«Suyunchi» puli berish bilan mas'ul kasb egalariga dushmanlik qilasiz» – DXA fuqarolarga eslatma bilan chiqdi

Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda FHDYo idoralari xodimlari tomonidan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni rasmiylashtirishda ortiqcha mablag‘ undirilayotgani borasida fikrlar tarqalmoqda. 

Davlat xizmatlari agentligi bildirilayotgan shu kabi fikrlar yuzasidan izoh berib, fuqarolarga bir qator eslatmalar bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining tegishli buyrug‘i bilan FHDYo organlari tomonidan jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. 

«Bunda nikohdan ajralganlik, tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlarini tiklash, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish kabi fuqarolik holatlari dalolatnomalari bo‘yicha huquqiy tushuntirish berish va ularga tegishli o‘zgartirish kiritish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10% miqdorida (bugungi kunda 22 300), fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish bilan bog‘liq bo‘lgan arizalarni to‘ldirishda yordam berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2% miqdorida (bugungi kunda 4 460), sayyor tartibda nikohni tantanali qayd etish (transport xarajatlaridan tashqari) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100% miqdorida ixtiyoriy pulli xizmat undirilishi mumkin», – deyiladi agentlik izohida.

 Unda shuningdek, FHDYo organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanuvchi jismoniy shaxslarga ham ayrim eslatmalar keltirib o‘tiladi.

 «Hurmatli fuqarolar, farzand dunyoga kelishi albatta quvonarli. Yillar davomida shakllanib kelgan an'ana, ayniqsa birinchi farzandingiz dunyoga kelganida tug‘ruqxonada, keyinchalik esa uning guvohnomasini FHDYo idorasidan olishda ko‘ngildan chiqarib «suyunchi» puli berish istagingiz paydo bo‘lishi sir emas. Biroq, siz bu bilan mas'ul kasb egalariga dushmanlik qilasiz, ularning ertaga boshqa siz kabi farzandi dunyoga kelgan, ammo «suyunchi» berishga imkoni yo‘q fuqaro bilan boshqacha muomala qilishiga va kelganlarning qo‘liga qarab qolishiga o‘rgatasiz. Bu ham korrupsiyaning ko‘rinishlaridan biri.

Davlat xizmatlari agentligi korrupsiyaga mutlaqo murosasiz munosabatda.

Buning uchun FHDYo idoralari Agentlik tasarrufiga o‘tganidanoq, xodimlarga munosib ish sharoitini yaratib, qilgan mehnatiga adolatli haq to‘lanishi choralarini ko‘rdi.

 Agar Siz FHDYo idoralarida belgilangan to‘lovlardan ortiqcha mablag‘ talab qilinishi holatlariga duch kelsangiz, Davlat xizmatlari agentligining 1148 telefoni orqali darhol xabar bering», – deyiladi eslatmada.

 Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan, tug‘ilganlik haqida, nikohni qayd etganlik, nikohni bekor qilganlik to‘g‘risida, o‘lim haqidagi yozuvlar o‘zgartirilganligi, ularga qo‘shimchalar kiritilganligi, tuzatilganligi va qayta tiklanganligi munosabati bilan guvohnomalar berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida (bugungi kunda 22 300) davlat boji undirilishi ko‘rsatilgan. Bunda agar avval dalolatnoma yozuvlari to‘ldirilgan bo‘lsa va bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritilib, yangidan guvohnoma berilgan hollarda to‘lov undiriladi.

Top