O‘zbekiston | 18:37 / 23.10.2023
3657
3 daqiqa o‘qiladi

Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomasini qayd etish sohasidagi hujjatlar tizimlashtiriladi

Yangi qaror bilan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari belgilandi. 

«Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

- Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari to‘g‘risidagi nizom;

- Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining sonini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

- Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari;

- Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;

- O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti. 

Qayd qilinishicha, yangi gerbli guvohnoma berganlik uchun (o‘lim haqidagi gerbli guvohnomalar hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiya muassasalariga joylashtirishda berilgan tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno) gerb yig‘imi BHM 15 foizi miqdorida undiriladi. 

Shuningdek, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining arxiv ma’lumotlarini raqamlashtirish natijasida turli yillar davomida bir xil seriya va raqamli tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berilgani holati aniqlangan taqdirda, ushbu guvohnomalarni qayta rasmiylashtirganlik uchun gerb yig‘imi undirilmaydi. 

FHDYo organlari tegishli yozuvlar orqali quyidagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etadi: tug‘ilganlik haqida; nikoh tuzish haqida; nikohdan ajralish haqida; o‘lim haqida. 

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari davlat ahamiyatiga molik hujjatlar hisoblanadi, bir nusxada tuziladi va FHDYo organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi. 

Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish, jinsni o‘zgartirish kabi voqea va faktlar yuqorida sanab o‘tilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarida ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali aks ettiriladi.

Mavzuga oid