18:45 / 30.10.2020
7792
Maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonda ta'lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ta'lim sifati pastligi, moddiy-texnika bazasi yetarli bo‘lmagani sababli ayrim maktablar to‘liq quvvatda ishlamayotgani, masalan, Toshkent shahridagi 32ta maktabda o‘quvchilarni qamrab olish darajasi pastligi ta'kidlab o‘tilgan.

O‘zbekistonda xususiy ta'lim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirildi.

Maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Endi maktab direktorlarini lavozimga tayinlash bevosita mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda, tanlov asosida amalga oshiriladi. Har bir nomzod maktabning ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi bilan tanlovda ishtirok etadi va har yili kengashlar oldida hisobot beradi.

Bundan asosiy maqsad – maktablarning samarali faoliyatini tashkil etish, direktorlar ishiga noqonuniy aralashuvlar va kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish ekani qayd etilgan.

«Maktablar bilim bilan birga tarbiya, ma'naviyat maskani hamdir. Davlatimiz rahbari bu ishlarga hududlarda yashab, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarni keng jalb qilish, maktablarning direktor jamg‘armasidan va mahalliy budjet mablag‘laridan  ularga oylik maosh to‘lash lozimligini ta'kidladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Oliy ta'lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va qamrovni oshirish, har bir hududda kamida bittadan nodavlat oliy bilim yurti tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

«Bugun ko‘rib chiqilgan masalalar hammadan, maktab direktoridan boshlab bosh vazirgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘indagi rahbarlardan yuksak mas'uliyat va yuqori darajadagi javobgarlikni talab qiladi. Bu – yillar davomida ko‘rinmaydigan, ammo natijasi yaqin 10-15 yilda butun mamlakat qiyofasini tubdan o‘zgartirishga asos bo‘ladigan qudratli manba», degan prezident.

Parlament vakillari, shuningdek, joylardagi mahalliy kengash deputatlaridan ta'lim tizimidagi o‘zgarishlarni xalqimizga yetkazib, daxldorlik hissini oshirish, farmon qabul qilingach, ijrosini nazoratga olish, o‘z tajribalari bilan amaliy yordam berish so‘raldi.

Yig‘ilishda hokimlar, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, maktab direktorlari, pedagoglar ta'lim-tarbiya sifatini oshirishga oid fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

 

Top