16:09 / 30.10.2020
6203
Turkiy tilli davlatlar vazirlari pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilmoqda

Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sog‘liqni saqlash sohasida muvofiqlashtiruvchi ilmiy qo‘mitasi yig‘ilishining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Turkiya, Vengriya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirlari qatnashayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda. Shuningdek, mazkur tadbirga JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Hans Klyuge ham tashrif buyurgan. 

Marosimni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining bosh kotibi Bag‘dat Amreyev ochib berdi. 

Sog‘liqni saqlash vaziri matbuot kotibi Istanbuldan xabar berishicha, tadbirda Alisher Shodmonov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va bunda xalqaro jamoatchilik, jumladan, Turkiya bilan tizimli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini alohida ta'kidlagan. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Hans Klyuge va Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Qovja o‘z nutqlarida O‘zbekistonning pandemiyani jilovlash borasidagi harakatlariga ijobiy baho berib, qisqa fursatlarda kasallikka chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar qurib bitkazilgani, Covid-19’ga gumon qilinganlarni saralash va taqsimlash tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, virusga qarshi qo‘llanayotgan qator dori vositalari va tibbiy buyumlar mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilayotgani O‘zbekistonning salohiyatidan darak berishini e'tirof etishdi.

Ushbu muhim yig‘ilishning asosiy mavzusi – shu kecha-kunduzda dunyoning eng dolzarb muammosi bo‘lib turgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda mintaqalararo hamkorlik, yangi virus bo‘yicha to‘plangan tajribalar bilan o‘rtoqlashish, qardosh xalqlar sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasida shu va boshqa masalalarda keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish masalalaridir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ushbu ilmiy anjuman kun tartibida:

  • koronavirus infeksiyasini tashxislash va davolash; 
  • og‘ir ahvoldagi bemorlarni parvarishlash;
  • virusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining xavfsizligini ta'minlash;
  • epidemiologik vaziyatni boshqarishda elektron tizimlarni joriy qilish;  
  • Covid-19’ga qarshi vaksinatsiya jarayonlarida birgalikda harakat qilish kabi masalalar muhokama qilinadi.
Top