21:17 / 02.11.2020
2407
Bolaga qorin og‘rig‘iga qarshi duch kelgan dorini berish mumkin emas - mutaxassis

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi dotsenti Gulnora Xudoyqulova bilan intervyu uyushtirdi. Unda diareyaning oldini olish uchun e'tibor qilish kerak bo‘lgan jihatlar, cho‘milish havzalarida bolalarga yuqumli ichak kasalliklari yuqish ehtimoli kabi savollarga javob olingan.

— Diareyaning oldini olish uchun nimalarga ko‘proq e'tibor berish kerak?

— Avvalo, oilada ozodalikka jiddiy e'tibor qaratish darkor. Qolaversa, har bir inson shaxsiy gigiyenaga qat'iy rioya etishi lozim. Bundan tashqari, har bir xonadonda qaynagan suv bo‘lishi kerak. Uyda ham, ko‘cha-ko‘yda ham sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilmaslik kerak. Ayniqsa, bolalar uchun tayyorlanadigan har bir taom, jumladan, sutli taomlar obdon qaynab pishishi maqsadga muvofiq. Meva-sabzavotlarning sifatlisini tanlab, tozalab yuvib keyin iste'mol qilish kerak.

Bolalarga «fast-fud», gazli suvlar berish zararli. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish zarur. Agar bolalar sun'iy oziqlantirilsa, tarkibida bifidobakteriyalari bor ozuqalarni tanlash lozim.

Barchamiz bilamiz, diareyada qo‘llanadigan dorilarning aksariyati shifokor retseptisiz sotiladi. Lekin ota-onalar kimningdir tavsiyasiga binoan duch kelgan qorin og‘rig‘iga qarshi dorini bolaga berishi mumkin emas. Ayniqsa, o‘ziga qachondir yordam bergan dorini bolasiga ham ichirishi ba'zi hollarda og‘ir asoratlarga olib keladi. Oilalarga kirganingizda ota-onalarga bu haqda ma'lumot berishingiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

— Cho‘milish havzalarida ham bolalarga yuqumli ichak kasalliklari yuqishi mumkinmi?

— Yuqishi mumkin, chunki bolalar hamisha toza suv havzalarida cho‘miladi, deb bo‘lmaydi. Ba'zida ota-onalar ham farzandini bu borada to‘la nazorat etmaydi. Ariqlar, anhorlar, suvi tozalanmaydigan basseynlar ham kasallik manbayi bo‘lishi mumkin. Ota-onalarning bu borada ham hushyorligini oshirish lozim.

— Bolalar yuqumli kasalliklari sohasida tibbiyotimizning eng muhim yutuqlari nimalardan iborat?

— Tibbiyotimizning bu borada eng muhim yutug‘i yuqumli ichak kasalliklariga qarshi zamonaviy emlash vositalarining tibbiyot amaliyotiga kirib kelayotganidir. Jahon ilm-fanining bunday olamshumul kashfiyotlari mamlakatimiz tibbiyotiga ham tatbiq etilmoqda. Keyingi yillarda pnevmokokk va rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash milliy taqvimimizga joriy etilgani quvonarli hol.

Pnevmokokka qarshi vaksina bilan emlangan bolalarda meningit, otit, pnevmoniya kabi og‘ir kasalliklarning oldi olinadi. Rotavirusga qarshi emlash esa diareyaning og‘ir turlari profilaktikasida muhim vositadir. Qolaversa, diagnostika va davolash amaliyoti ham yildan yilga yangicha uslublar bilan boyib bormoqdaki, bunday ilg‘or texnologiyalar inson salomatligini asrashda muhim natijalarga zamin yaratmoqda.

Top