08:38 / 03.11.2020
9875
Chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklaridan yangi yig‘im undirilishi mumkin

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini yanada rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasini ko‘rib, tegishli tartibda loyihaga o‘z taklif va e'tirozlarini yubordi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan va qo‘mitaga yuborilgan farmon loyihasining 9-bandida 2021 yil 1 yanvardan boshlab, chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklaridan yillik umumiy daromadining 0,5 foizi miqdorida yig‘im undirilishi, chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklaridan undiriladigan yig‘imlardan to‘liq hajmdagi tushumlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan.

Farmon loyihasiga ilova qilinayotgan O‘zbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasining 4-bo‘limi hamda “Yo‘l xaritasi”ning 129-bandida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida “O‘zchorvasug‘urta” sug‘urta fondini tashkil etish ko‘rsatilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabariga ko‘ra, “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonun 20-moddasiga asosan fermer xo‘jaligi pul muomalasini yuritish hamda pul mablag‘larini saqlab turish uchun bank muassasasida hisobvaraqlar ochish va bu mablag‘larni erkin tasarruf etish huquqiga ega. 

Fermer xo‘jaligining hisob-kitob varag‘idan mablag‘larni faqat fermer xo‘jaligi boshlig‘ining roziligi bilan yoki sudning qaroriga binoan hisobdan chiqarish mumkin.

Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun 34-moddasiga asosan davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emasligi, 21-moddasida tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari o‘z pul mablag‘larini mustaqil ravishda tasarruf etishi belgilangan.

Top