19:00 / 09.11.2020
7366
Ozarboyjon Armanistonni Tog‘li Qorabog‘dagi vayronkorliklar uchun sudga bermoqchi

Ozarboyjon prezidentining yordamchisi Hikmat Gajiyev Armanistonni «ekologik terror»da aybladi. 

Foto: RIA Novosti/Ilya Pitalev

Ozarboyjon Armanistondan Tog‘li Qorabog‘ infratuzilmasi va ozarboyjonliklarning mulklariga yetkazilgan zararni sud orqali undiradi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev BBC News’ga bergan intervyusida aytdi.   

«Biz ekologiyamiz, infratuzilmamiz, uylaridan ajralgan fuqarolarimiz, davlatimiz va tarixiy merosimizga yetkazilgan zararni baholash uchun xalqaro ekspertlarni taklif qilamiz. Undan keyin esa albatta, sud jarayonlari, arman davlatiga qarshi da'volar bo‘ladi va bunga tayyorlanmoqdamiz», — dedi Aliyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ozarboyjon Qorabog‘ hududidagi vayron qilingan infratuzilmani qayta tiklaydi.

Ozarboyjon prezidentining yordamchisi Hikmat Gajiyev ham o‘zining Twitter akkauntida Tog‘li Qorabog‘ hududidagi qadimiy o‘rmonlar va jonivorlar yo‘q qilinganligini qayd etib, Armanistonni «ekologik terror»da aybladi. 

8 noyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi ta'lim, fan va madaniyat vaziri  Lusine Karaxanyan urush davomida 70dan ortiq maktab va 10ta bolalar bog‘chasi vayron bo‘lganligini ma'lum qildi.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top